Dunyoning eng mashhur uy jihozlari sotadigan IKEA do‘konlarining egasi Ingka Group kompaniyasi karantindan keyin ko‘plab chaqaloqlar dunyoga kelishini (bebi-bum) kutayotganligini, shu bois bolalar jihozlarini ishlab chiqarishga investitsiya kiritishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Ma’lumotga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi tufayli, kompaniyaning sotuvlari 60 foizga qisqargan.

Ingka Group bosh direktori Yesper Brodinning aytishicha, karantin vaqtida onlayn xaridlar soni o‘tgan yilga nisbatan ikki marotaba ko‘paygan, ba’zi mamlakatlarda esa o‘n marotaba oshgan. Daniyadagi do‘konlar karantindan oldingi sotuvlar darajasiga qaytgan.

Odamlar uyda qolayotganliklari sababli oshxona jihozlari ko‘proq xarid qilinmoqda. Lekin kompaniya bolalar uchun jihozlarga katta investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

Yesper Brodinning fikriga ko‘ra, 7 yoki 8 oydan so‘ng bebi-bum bo‘lishi, ya’ni ko‘plab yangi chaqaloqlar tug‘ilishini kutish mumkin. Shu bois u bozorda yetarlicha taklif bo‘lishi kerakligini aytgan. “Oldingi inqirozlar ham bebi-bumga olib kelgan”, — dedi Brodin.

Uning aytishicha, kompaniya do‘konlarida arzonroq jihozlarga bo‘lgan talab nisbatan oshgan. Brodin ushbu holat karantindan keyin ham davom etishini kutish mumkinligini aytgan, chunki odamlar ko‘p pul yo‘qotishadi.

Kompaniyaning o‘z faoliyatini qayta tiklagan Xitoydagi do‘konlarda savdo bir yil oldingi sotuvlar darajasiga qaytgan. Uxan shahridagi do‘konlar yaqin haftalarda ochilishi aytilgan.

2019 yilning avgust oyi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, kompaniyaning bir yillik savdosi 36,7 mlrd yevroga teng bo‘lgan, bundan 11 foizi onlayn savdoga to‘g‘ri keladi.