Yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 8,14 milliard dollarga yetdi, bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 924,1 million dollarga (10,2%) kam, deb xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi.

Tashqi savdoning umumiy hajmida eksport 3,37 milliard dollarga yetdi (2019 yil yanvar-mart oylariga nisbatan 10,9 foizga pasayish qayd etildi), import esa 4,76 milliard dollarni (pasayish 9,7 foiz) tashkil etdi. Hisobot davrida qariyb 1,4 milliard dollarlik passiv tashqi savdo balansi qayd etildi.

O‘zbekiston jahonning 150 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Rossiya (16,9%), Xitoy (16,8%), Qozog‘iston (8,3%), Koreya Respublikasi (6,7%), Turkiya (5,8%), Qirg‘iz Respublikasi (2,3%) va Germaniyada (2,1%) qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan yettita davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan. Afg‘oniston (151,1 mln dollar), Qirg‘iz (121,2 mln dollar), Tojikiston (78,8 mln dollar), Turkiya (62,3 mln dollar), Eron (16,4 mln dollar), BAA (15,7 mln dollar) va Fransiya (10,1 mln dollar) shular jumlasidandir. Qolgan 13 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.


2020 yil yanvar-mart oylarida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 36,2 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi o‘tgan yilga nisbatan ulushi 2,5 foizga oshgan. Boshqa xorijiy davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi esa yanvar-mart oylarida MDH davlatlariga nisbatan kamaydi (13,6 foizga kamaydi) va jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 63,8 foizni tashkil etdi.

«Hozirgi paytda yer yuzining deyarli barcha davlatlariga kirib borgan koronavirus (COVID-19) pandemiyasi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi, eksportning barqaror o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va bu o‘z navbatida, ma’lum natijalarga erishishda to‘siq bo‘lmoqda», — deya qayd etdi Statistika qo‘mitasi.


Joriy yilning yanvar-mart oylarida mamlakatning eksportyorlar soni 3298 tani tashkil etib, ular tomonidan 2,369 mlrd dollar (qimmatbaho metallar eksportidan tashqari) qiymatidagi (2019 yilning mos davriga nisbatan 7,4 foizga kamaydi) tovar va xizmatlar eksport qilinishini taminladi. Eksport tarkibida tovarlar ulushi 81,4 foizni tashkil etib, ular asosan material turiga qarab klassifikatsiyalangan sanoat tovarlari (18,7%), mineral yoqilg‘i, yog‘lash moylari va shunga o‘xshash materiallar (9%), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (5,9%) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.