2019 yil yakunlariga ko‘ra, 55 davlat va hududlardagi 135 million kishi oziq-ovqat xavfsizligi taqchilligining og‘ir shaklidan aziyat chekmoqda, deyiladi FAOning Oziq-ovqat inqirozi to‘g‘risidagi yillik global hisobotida.

Bundan tashqari, ushbu davlatlarda 75 million bola bo‘y o‘sishida muammoga ega, 17 millioni esa ozg‘inlikdan aziyat chekmoqda.

Bu ilk hisobot e’lon qilingan 2017 yildan buyon oziq-ovqat xavfsizligi yetishmovchiligi va to‘yib ovqatlanmaslik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

47 davlatda 183 millionga yaqin kishi o‘tkir ochlik chegarasida bo‘lib, ular COVID-19 pandemiyasi singari tebranishlar yoki stress omillari ta’sirida o‘ta og‘ir holatlarga tushish xavfi ostida qolmoqda.

Hisobotda keltirilgan 135 million kishining yarmidan ko‘prog‘i (73 millioni) Afrikada, 43 millioni — Yaqin Sharq va Osiyoda, 18,5 millioni esa Lotin Amerikasi va Karib dengizi havzasida yashaydi.

Asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatida qurolli mojarolar, noqulay ob-havo sharoitlari va iqtisodiy inqirozlar sanab o‘tilgan.

Mazkur sabablar, shuningdek, to‘yimli va xilma-xil ovqatlanish, xavfsiz suv, sanitariya va sog‘liqni saqlash imkoniyatlarining yo‘qligi, kelgusida bolalar orasida to‘yib ovqatlanmaslik darajasining o‘sishiga olib keladi. COVID-19 pandemiyasi vaqtida esa sog‘liqni saqlash tizimi katta bosim ostida qoladi.

Pandemiya odamlar hayoti va oziq-ovqat xavfsizligiga, ayniqsa, noturg‘un sharoitlarda, xususan norasmiy qishloq xo‘jaligida va qishloq xo‘jaligining boshqa sektorlarida ishlaydigan aholining eng zaif qatlamlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Hisobotda ta’kidlanishicha, global inqiroz oziq-ovqat ta’minoti zanjirini jiddiy ravishda buzadi.

Tadqiqot mualliflari, shuningdek, koronavirus tarqalishi, ayniqsa oziq-ovqat inqiroziga ko‘proq moyil bo‘lgan mamlakatlarda ijtimoiy va siyosiy tartibsizliklar uchun sharoit yaratishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

“Pandemiya oqibatlarining noaniqligi, harakatlanishdagi cheklovlar, ishsizlikning oshishi, oziq-ovqat mahsulotlarining cheklanganligi hamda yashash uchun mablag‘larning yetishmovchiligi yoki mutlaqo mavjud emasligi norozilik, zo‘ravonlik va nizolarni keltirib chiqarishi mumkin”, — deyiladi hisobotda.

Ekspertlar mamlakatlarni zaif aholi qatlamlarining daromad manbalari hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun agrooziq-ovqat tizimini saqlab qolish uchun hozirdanoq ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.