Yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 8,14 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Bu haqda statistika qo‘mitasi tomonidan birinchi chorak bo‘yicha e’lon qilingan hisobotda ma’lum qilindi.

Savdo aylanmasi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 924 mln dollarga kamaygan. Eksport hajmi 400 mln dollarga (11 foizga), import esa 500 mln dollarga (10 foiz) qisqargan.

2016 yildan ilk bor Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori pozitsiyasini yo‘qotdi. Endilikda Rossiya asosiy savdo hamkori bo‘ldi.

Rossiya hisobiga O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining asosiy qismi — 16,9 foizi to‘g‘ri kelmoqda (1,37 mlrd dollar, undan eksport hajmi 455,6 mln dollar, import hajmi 920,9 mln dollar). Xitoy bilan savdo aloqalari keskin qisqarganligi sababli, mamlakatning O‘zbekiston savdo aylanmasidagi ulushi 16,8 foizga yetgan (1,36 mlrd dollar, undan eksport hajmi 400,8 mln dollar, import hajmi 963,5 mln dollar).

Tashqi savdo aylanmasida keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (675 mln dollar yoki 8,3 foiz), Janubiy Koreya (545 mln dollar yoki 6,7 foiz), Turkiya (469 mln dollar yoki 5,8 foiz) borishmoqda.