“Barselona” futbol klubining direktorlar kengashi 2020−2021 yillar mavsumida “Kamp Nou” maydonining nomini o‘zgartirish huquqini Barça Foundation jamg‘armasiga topshirishni ma’qulladi, deyiladi Barselona futbol klubining rasmiy saytida.

Ushbu qaror Kataloniyada va dunyoning boshqa mamlakatlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish uchun pul to‘plash maqsadida qabul qilingan.

Xabarga ko‘ra, “Barselona” klubi va “Barsa” jamg‘armasi gumanitar inqiroz davrida koronavirus pandemiyasi va uning oqibatlariga qarshi kurashish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishi zarur deb hisoblaydi. Shu sababli, keyingi bir necha hafta ichida Barsa Jamg‘armasi bir mavsumga “Kamp Nou” maydonining nomini o‘zgartirish huquqini olishni istagan homiyni topish jarayonini boshlaydi.

Shuningdek, xabarda qayd etilishicha, maydon “Kamp Nou” deb nomlanishda davom etadi, ammo homiyning ismi ham unga qo‘shiladi.

Ma’lumot uchun, “Kamp Nou” — “Barselona” futbol klubining mezbon maydoni va Yevropada eng katta futbol maydonlaridan bo‘lib, 99 mingdan ortiq o‘ringa ega. Maydon 1957 yilda ochilganidan beri uning homiysi bo‘lmagan.