Namanganda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, 14 aprel kuni Namangan shahrida yashovchi G. og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Zudlik bilan amalga oshirilgan laborator tahlil natijasida unda koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan. 54 yoshli ushbu bemor (ayol) oldin ham gipertoniya va qandli diabet tashxisi bilan surunkali kasallanib kelgan. Ushbu kasalliklari hisobiga u 17 aprel kuni viloyat yuqumli kasalliklari shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga olingan.

Bemorning shu kungacha kunlik ahvoli mamlakatimizdagi mazkur sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassis shifokorlari nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar o‘tkazib kelingan.

Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor vafot etdi.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etganlar soni 7 nafarga yetdi.