O‘zbekiston bo‘ylab yakka tartibdagi 247 286 nafar tadbirkorlarning 80 foizi (198 969) o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Shularda 95 144 nafari karantin vaqtida o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, mamlakatda karantin tadbirlari 10 mayga qadar uzaytirildi. DSQ ushbu vaziyatda milliy xavfsizlikni ta’minlashdan keyingi o‘rinda iqtisodiy masalalar turishini aytgan.

Soliq to‘lovchilar uchun qator yengilliklar berilgan: ayrim soliqlarni to‘lash muddati uzaytirilgan, soliq stavkalari kamaytirilgan, jarimalarni hisoblash to‘xtatilgan.

Koronavirus infeksiyasi oqibatlarini yumshatish doirasida karantin davomida YATTlar ijtimoiy soliqdan ozod etilgan. Buning uchun tadbirkorlar soliq organlariga vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatganlik to‘g‘risida ma’lumot berishi kerak.

DSQ barcha YATTlarga uydan turib tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha jarayonni my.soliq.uz portali orqali o‘tkazishni tavsiya bermoqda. Bunda ro‘yxatda turish bo‘yicha guvohnomani topshirish talab etilmaydi.

Soliq to‘lovchilar «Karantin vaqtida soliqlarni to‘xtatib turish to‘g‘risida» interaktiv xizmatidan foydalanishlari mumkin.

Aprel oyida ushbu xizmatdan 2400 nafar soliq to‘lovchi foydalangan: Samarqand viloyatidan 1 283 nafar, Toshkent shahridan 542 nafar, Toshkent viloyatidan 125 nafar, Sirdaryo viloyatidan 89 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 80 nafar yakka tadbirkorlar shunday murojaatlarni yuborishgan. Ular 1,1 mlrd so‘m miqdoridagi daromad uchun belgilangan soliq va ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.

21 aprel 17:06da aniqlik kiritildi: Davlat soliq qo‘mitasi karantin vaqtida faoliyatini to‘xtatgan YATTlar sonini yangiladi.