O‘zbekiston «Chegara bilmas muxbirlar» (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan navbatdagi matbuot erkinligi reytingida to‘rt pog‘ona yuqorilab, 180 davlat orasida 156-o‘rinni egalladi. Mamlakatdagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat hamon «murakkab» sifatida baholanmoqda.

Hisobot mualliflari mamlakatda iliqlik jarayoni kechayotgani, bir qator saytlarga (shu jumladan RSF saytiga — tahr. misoli) taqiqlar olib tashlandi, OAVni ro‘yxatga olish soddalashtirildi. Siyosiy tadbirlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish yo‘lga qo‘yildi, ayrim jurnalistlar korrupsiya va majburiy mehnat mavzularini yoritishni boshladi.

«Shunga qaramay, eng yuqori hokimiyatni tanqid qilish hali ham mumkin emas. Rasmiylar ommaviy axborot vositalarini cheklaydigan zarur qonunchilik islohotlarini o‘tkazishga shoshilmayapti. Nazorat, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish hanuzgacha mavjud bo‘lib, hokimiyatlar OAV ustidan nazoratni sezilarli darajada ushlab turibdi. Bloggerlarga hanuzgacha tahdid qilinmoqda yoki hibsga olinmoqda», — deyiladi hisobotda.

Reyting bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnilari Ruanda (155-o‘rin) va Qozog‘iston (157-o‘rin). Tojikiston 161, Turkmaniston esa 179-o‘rinda. Ikkala mamlakat ham «qora zona» deb nomlangan — matbuot mustaqilligi sohasida eng yomon pozitsiyaga ega bo‘lgan davlat.

Qirg‘iziston 82-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat «muammoli» deb baholangan yagona mamlakatligicha qolmoqda.

To‘rtinchi yildirki ketma-ket Norvegiya reyting yetakchisiga aylandi. Undan keyin Finlyandiya bormoqda. Uchinchi o‘rin Daniyada. Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Shvetsiya, Gollandiya, Yamayka, Kosta-Rika, Shveysariya, Yangi Zelandiya va Portugaliya ham kirdi.