O‘zbekiston Markaziy banki valyutada kredit olgan qarzdorlarning so‘m devalvatsiyasi natijasida ko‘rgan zararlarini qoplamaydi, deya xabar qildi nazoratchi «Gazeta.uz» so‘roviga javob berar ekan.

MB ma’lumotlariga ko‘ra, banklar taqdim etgan 48,1 foiz (104 trln so‘mga yaqin) kreditlar xorijiy valyutada. So‘m kursi esa 2019 yil aprelidan buyon 20 foizga pasayib, AQSH dollari 8390 so‘mdan 10137,94 so‘mga qadar oshdi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida Rossiya Banki banklarga xorijiy valyutadagi kreditlarni rublga o‘zgartirishni tavsiya qildi. Ayrim banklar imtiyozli konvertatsiya kursini taqdim etishni boshladi.

«Gazeta.uz» Markaziy bankdan valyutada kredit olgan qarzdorlar uchun imtiyozli valyuta kursini joriy etish yoki valyutadagi kreditlarni so‘mga o‘tkazish bo‘yicha ehtimoliy rejalar to‘g‘risida izoh berishni so‘radi.

Bunga javoban nazoratchi qarzdorlarning so‘m devalvatsiyasidan ko‘rgan zararlarini qoplash, imtiyozli konvertatsiya kursini joriy etish va valyutadagi kreditlarni imtiyozli kurs bo‘yicha so‘mli kreditlarga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmayotgani hamda rejalashtirilmayotganini ma’lum qildi.

Bunga sabab sifatida taklif etilayotgan choralarning salbiy oqibatlari mavjudligi hamda xalqaro moliya institutlari (Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki kabi) buni tavsiya etmayotganini keltirib o‘tdi.

«Har qanday moliyaviy vosita, jumladan valyutadagi kredit muayyan xatarlarni (valyuta riski, foiz riski va boshqa) o‘z ichiga oladi. Barcha xatarlar qarz oluvchi tomonidan valyuta yoki boshqa turdagi kreditlarni olish bo‘yicha qaror qabul qilish vaqtida mustaqil ravishda har tomonlama hisobga olinishi kerak», — deya qayd etdi MB.

Markaziy bank koronavirus pandemiyasi vaqtida qarzdorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun banklar kredit bo‘yicha to‘lovlar muddatini uzaytirib, kechiktirilgan qarzdorlik bo‘yicha penya va jarimalarni hisoblamayotganini ta’kidladi.