Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov regulyator xorijiy valyutani sotib olish va sotishda hech qanday cheklovlar o‘rnatmaganini yana bir bor ta’kidladi. Bu haqda u 19 aprel kuni davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirovga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi.

U 2018 yilda valyuta liberallashtirilmasidan avval har bir fuqaro bir chorakda 2000 dollargacha sotib olish, chet elda kuniga 100 dollardan ko‘p bo‘lmagan pulni yechib olish imkoniyatiga ega bo‘lganini eslatib o‘tdi.

«Markaziy bank valyutani tartibga soluvchi organ sifatida biror bir cheklov qo‘ymagan. Hozirgi kunda har bir tijorat banki ertalab, masalan, 10 mingmi, 20 mingmi, 100 ta shoxobchasiga sotish uchun olib borib beradi. Lekin ular qancha odam kelishini bilmaydi. Xuddi o‘shani (yetkazib turish uchun), keyingi olib bergunga qadar ma’lum bir (cheklovlarni) belgilashi mumkin — soatiga 200 dollar, 500 dollar qilib. Lekin bu tijorat banklarining o‘z ishlarini to‘g‘ri tashkil qilmaganlari oqibatida. Masalan, kassir, odam ko‘paydi, pul qoldig‘i kamaymoqda. U operativ ravishda telefon qilib, bosh bankidan qo‘shimcha valyuta olib keltirishi kerak. Buni har bir bank (cheklovlarni) o‘zi belgilagan bo‘lishi mumkin… Lekin valyutani tartibga soluvchi organ tomonidan bu narsa belgilangani yo‘q va bu belgilanmaydi ham», — deya oydinlik kiritdi u.

Markaziy bank raisi oxirgi uch oyda aholi banklarga sotgan valyutasi sotib olgan valyutasidan juda ko‘p bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

«Banklarda qariyb 600 mln dollarlik valyuta zaxirasi paydo bo‘ldi. Aholi sotishi ko‘p bo‘lgan davr — martning ikkinchi yarmi va hozirgi aprel. O‘sha valyuta zaxirasi bugungi kunda ham (18 aprel holatida) tijorat banklarida 311 mln dollarni tashkil etmoqda. Agar buni kunlik 20 mln dollar sotish bilan o‘lchaydigan bo‘lsak ham, mening hisoblarimga ko‘ra, 15 kunga bemalol yetadi. Bundan tashqari, biz kutgan pul o‘tkazmalarida ham ma’lum ijobiy siljishlar bo‘lyapti», — dedi u.

MB raisining qayd etishicha, pul o‘tkazmalari mart oyining ikkinchi yarmida qariyb 2 barobar tushib ketgan bo‘lsa, hozirda o‘sish kuzatilmoqda. Shuningdek, valyuta pozitsiyasi (banklarning xorijiy valyutaga talab va majburyatlari nisbati) dollarda 10 foiz, boshqa valyutalarda esa 15 foizni tashkil etmoqda.

«Ya’ni, bankning talablari va majburiyatlari 10−15 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Agar ko‘rsatkich 0 gacha tushib, minusga qarab kesa, u holda bank bizga murojaat qiladi va valyutani birjadan sotib oladi. Bu odatiy amaliyot. Tan olaman, aprel oyigacha banklar biz bilan bog‘lanmadi, chunki ular sotib olgan valyuta sotish uchun yetarli edi», — deya tushuntirdi Mamarizo Nurmurodov.