O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ta’kidlab o‘tdi.

«Koronavirus aniqlanganlar soni Navoiyda 2 ta, Jizzaxda 3 ta, Qashqadaryoda 6 nafar, Sirdaryoda 7 nafarni tashkil etadi. Shunga qaramay, ushbu viloyatlarda ko‘plab korxonalar o‘z ishini to‘xtatgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Hududlarda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga oddiy qilib aytganda, aholi hayotiga, albatta, salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz», — dedi davlat rahbari.

Xabarda qayd etilishicha, foliyati tiklanadigan ob’ektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi.