O‘zbekistonda naqd xorijiy valyuta taqchilligi yo‘q, bo‘lmaydi ham, deya ma’lum qildi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 19 aprel kuni davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirovga bergan intervyusida.

Avval xabar qilganimizdek, dollar kursining so‘mga nisbatan kursi keskin ortishi natijasida 10 apreldan mamlakatda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab keskin oshgan edi.

«Markaziy bankning Nyu-York federal banki bilan shartnomasi bor. Mana biz yaqinda ham 200 mln dollar olib keldik. Har bir tijorat bankining o‘zi olib kelishi kerak edi aslida. Transportda uzilishlar bo‘lgani uchun biz oldindan 200 mln dollarni olib kelib qo‘ydik. Hozir shundan qaysi bank menga naqd valyuta kerak, desa, bizdan oladi», — dedi u.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Federal zaxira bankining Angliya va Yevropa Ittifoqida naqd pul bilan ta’minlaydigan maxsus xizmatlari mavjud. Markaziy bank o‘shalar orqali valyutani olib kelib, tijorat banklariga yetkazib bermoqda.

Mamarizo Nurmurodov Markaziy bank ushbu jarayonga aralashmaganida edi, mart oyida Gruziya va Ukrainada kuzatilgani kabi xorijiy valyuta taqchilligi ro‘y berishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

«Agar biz — Markaziy bank aralashmaganimizda, bizda ham bo‘lishi mumkin edi. Chunki har bir tijorat banki o‘ziga kerak bo‘lgan valyutani chetdagi tijorat bankidan olib keladi. Ya’ni, bevosita o‘sha pulni emitent qiladigan Federal zaxira bankidan emas», — dedi u.

«Biz har hafta naqd valyuta qancha kerak bo‘lsa shuncha olib kelaveramiz — unda muammo bo‘lmaydi», — deya ma’lum qildi Mamarizo Nurmurodov.

Markaziy bank tijorat banklari talablari asosida 5 may kuni yana 400 mln dollar olib kelishni mo‘ljallamoqda.