O‘zbekiston prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qurilish materiallari bozori bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumotga ko‘ra, karantin davrida mazkur industriya korxonalarida ishlab chiqarish hajmi 30−40 foizga kamaygan. Xomashyo mahsulotlari ham sotilmay qolgan.

Shundan kelib chiqib, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasiga birinchi yarim yillikda mahsulot ishlab chiqarishni 10 trillion so‘m va yil oxirigacha 22 trillion so‘mga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu ko‘rsatkichlarni ta’minlashda eksport bozorlari asosiy imkoniyat hisoblanishi aytilgan.

Prezident import o‘rnini bosuvchi mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Mamlakatda buning uchun zarur xomashyo olish mumkin bo‘lgan 275 ta istiqbolli kon mavjudligi ta’kidlangan.

Ma’lumotga ko‘ra, G‘ozg‘onda 52 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Prezident konlarni o‘zlashtirish orqali shunday loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidlagan.


2020 yilda energiya tejamkor qurilish materiallari tayyorlash bo‘yicha 7 ta loyihani ishga tushirish, kelgusidagi ob’ektlarni loyihalashda ushbu mahsulotlardan foydalanishni nazarda tutish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

Karantin davrida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishiga Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan qo‘shimcha 1,5 trillion so‘m, xususan, suv ta’minoti bo‘yicha 55 ta loyihaga 500 milliard so‘m va yo‘l qurilishi bo‘yicha 1 ming 547 ta loyihaga 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu loyihalar uchun pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini tez fursatlarda boshlash muhimligi qayd etilgan.

Pandemiya sababli xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalar ham to‘xtab qolgan. Xususan, ichimlik suvi tizimini yaxshilash hamda yo‘l qurilishi sohasida shunday muammolar mavjud. Bunday loyihalarga tender orqali mahalliy pudrat tashkilotlarini ham jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Yig‘ilishda yo‘l qurilishi uchun mablag‘larni shakllantirish orqali mahalliy byudjetlarni oshirishga erishilganligi ta’kidlangan. Endi hududlar respublikadan mablag‘ kelishini kutib o‘tirmasdan, ichki yo‘llarni o‘zlari ta’mirlashlari zarurligi aytib o‘tilgan.

«Umuman olganda, uy-joy qurilishi bo‘ladimi yoki infratuzilma ob’ektlarimi, qurilish sohasi yangi ish o‘rinlarini yaratish, bozorda talab va taklifni shakllantirish, pirovardida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun katta imkoniyat va zaxira hisoblanadi. Tarmoq rahbarlari bugungi yig‘ilishda o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyatni chuqur his etib, ishlarni to‘g‘ri tashkil etsalar, iqtisodiy inqirozdan imkon qadar kam yo‘qotishlar bilan chiqib ketamiz, — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.