Koronavirus epidemiyasi sababli Rossiyadagi chet el fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun bir qator yengilliklar taqdim etiladi. Bu haqda Rossiya prezidentining tegishli farmoni imzolandi.

18 aprel kuni imzolangan farmonga ko‘ra, 15 martdan 15 iyunga qadar bo‘lgan vaqt davomida tugaydigan quyidagi hujjatlarning amal qilish muddati uzaytiriladi:

  • viza
  • vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma
  • yashash guvohnomasi
  • ishlash uchun ruxsatnoma, patent
  • chet el ishchilarini jalb qilish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnoma.

Shu o‘rinda, ilgari berilgan vizalar, ishlash uchun ruxsatnomalar, patentlar, vaqtincha yashash uchun ruxsatnomalar, yashash uchun ruxsatnomalar, Davlat dasturida ishtirok etganlik guvohnomalari 15 iyungacha bekor qilinmaydi.

Shuningdek, farmonda qayd etilishicha, 15 martdan 15 iyungacha bo‘lgan davrda ish beruvchilar va ishlarning (xizmatlarning) buyurtmachilari Rossiya Federatsiyasi qonunlarida belgilangan tartibda Rossiya Federatsiyasiga viza talab qilinmaydigan va patentga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ishchilar sifatida jalb qilish va ulardan foydalanish huquqiga egalar. Bunda mamlakatda o‘rnatilgan cheklovlar va aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini ta’minlashga qaratilgan boshqa choralarini bajarish sharti qo‘yiladi.