15 apreldan 5 mayga qadar Toshkent shahrida yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziya varaqalari berish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Maxsus komissiyaning qaroriga asosan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida yuqoridagi litsenziya varaqalariga ega bo‘lgan avtotransport vositalari faqatgina yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kurer, dostavka, keytering) bilan shug‘ullanishi belgilandi.

Ular tomonidan faqatgina oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum vositalari, shuningdek birinchi navbatda zarur mahsulotlar tashiladi. Bundan tashqari holatlarda ya’ni, yo‘lovchi tashish yoki fuqarolar bilan bog‘liq boshqa faoliyatlar bilan shug‘ullangan taqdirda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘riladi.

Ma’lumotga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrida yo‘lovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziyalangan avtomobillar soni 11 792 taga yetgan.