Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Namangan viloyatlari yuqumli kasalliklar shifoxonalaridan bir nafardan, jami 3 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Bemorlar Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalganlardan bir nafari 6 yoshli qizaloq Nukus shahridan, yana bir nafari 33 yoshli erkak Andijon shahridan hamda yana bir nafar 46 yoshli ayol Namangan shahridan bo‘lib, barchasi koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan.

Mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 171 nafarga yetdi.