Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 6 nafar bemor butkul sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlardan biri chiroqchilik , 83 yoshli ayol bo‘lib, uning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay, yuqori malakali shifokorlarning sa’y-harakati hamda xalqaro standartlar asosida olib borilgan samarali davolash muolajalari tufayli butkul sog‘aygan.

Tuzalgan yana to‘rt nafar Toshkent shahridan bo‘lib, (50, 31 va 30 yoshli erkak hamda 57 yoshli ayol) ulardan bir nafari Rossiyadan charter reys bilan poytaxtimizga kelgan, qolgan uch nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Yana bir nafar farg‘onalik, 35 yoshli bemor ham xorijdan kelgan.

Mazkur klinikada shu paytga qadar 11 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 17 nafarga yetdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasidan yana 3 nafar bemor (erkak) sog‘aygan.

18 aprel kuni O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 38 nafarga yetib, jami 194 nafarni tashkil etmoqda.