Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may kuni Qizil maydonda G‘alaba kuni paradi va «O‘lmas polk» yurishlarini koronavirus pandemiyasi tufayli boshqa kunga qoldirishni buyurdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Rossiyada koronavirus pandemiyasi tufayli parad va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazish imkoniyati yo‘q. Buning xatari juda yuqori.

«9 may kuni bo‘lib o‘tadigan paradga hozirdan tayyorgarlik boshlash kerak. Biroq epidemiya bilan bog‘liq xavf-xatarlar hali ham yuqori. Va bu hozirda paradga va boshqa ommaviy tadbirlarga tayyorgarlikni boshlash huquqini bermaydi. Men Mudofaa vaziriga, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlariga va barcha darajadagi hokimiyatlarga Qizil maydonda bo‘lib o‘tadigan harbiy paradga, hududlardagi paradlarga tayyorgarlikni kechiktirishni, Buyuk G‘alabaning 75 yilligini nishonlash rejalashtirilgan barcha ommaviy tadbirlarni keyinga qoldirishni buyuraman», — dedi Vladimir Putin.

Shu o‘rinda, Putin, parad kechiktirilayotganiga qaramay, G‘alaba kuni aynan 9 may kuni nishonlanishi, ushbu sanani bekor qilish mumkin emasligini ta’kidladi.

«Bu kunda har bir oila o‘z qahramonlarini eslaydi va ularni sharaflaydi. Faxriylar bizning g‘amxo‘rligimiz va minnatdorchiligimizni his qilishi, barcha imkoniyatlardan foydalanishi uchun biz hamma narsani qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti.

U parad aynan qaysi sana bo‘lib o‘tishiga aniqlik kiritmadi, lekin barcha tantanalar, shu jumladan G‘alaba kuni paradi va «O‘lmas polk» ning yurishlari 2020 yilda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda Rossiyada koronavirus infeksiyasi 32 mingdan ortiq kishida aniqlangan. Ulardan 2 590 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 273 nafari vafot etgan.