Davlat Bosh sanitariya vrachi Baxrom Almatovning 17 aprel kungi brifingda ma’lum qilishicha, Toshkentda aniqlangan 48 ta koronavirus holatida kasallikning yuqish omili noma’lum.

Toshkent shahrida koronavirus bemorlar quyidagi hududlarda aniqlangan:

  • Yunusobod tumanida 68 nafar
  • Sergeli tumanida 48 nafar
  • Olmazor tumanida 47 nafar
  • Shayxontoxur tumanida 37 nafar
  • Yashnobod tumanida 35 nafar
  • Mirzo Ulug‘bek tumanida 33 nafar
  • Mirobod tumanida 29 nafar
  • Uchtepa tumanida 27 nafar
  • Yakkasaroy tumanida 13 nafar

«Ushbu bemorlarning qayd etilishi bu infeksiyaning aholi o‘rtasidagi tarqalgani emas, balki ushbu kasallar qayd etilgan muassasasalarning joylashuviga, qolaversa, karantinda saqlanayotgan manzillariga ham bevosita bog‘liq», — dedi Baxrom Almatov.

Toshkentdagi 355 nafar koronavirus bemoridan 106 nafari charter reyslar orqali mamlakatga olib kelingan va karantinda bo‘lgan. 175 ta holatda chet eldan qaytgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar kasallangan bo‘lsa, yuqish omili aniqlanmagan 48 ta holat mavjud.

Bemorlar orasida 60 yoshdan katta yoshdagilar 32 nafarni, 50 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar 28 nafarni, 30−39 yoshdagilar 82 nafarni, 20−29 yoshdagilar 88 nafarni tashkil qiladi. Shuningdek, bemorlarning 7 nafari 1 yoshgacha, 3 nafari esa 1 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Bemorlarning 52 nafari uy bekasi, 20 nafari ishsiz fuqarolar, 20 nafari maktab o‘quvchilari va boshqalar.

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha kuniga o‘rtacha 10 mingga yaqin test o‘tkazilmoqda. Hozirgacha jami 136 mingta test ishlari bajarilgan.