Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasida koronavirus yuqish omili noma’lum bo‘lgan bemorlar soniga aniqlik kiritildi. Juma kuni Davlat bosh sanitariya vrachi Baxrom Almatov poytaxtda bunday bemorlar soni 48 nafarni tashkil etganligini ta’kidlagan edi.

IIBBning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu ma’lumot to‘g‘ri emas. Koronavirus yuqish omili noma’lum bo‘lgan jami 42 ta holat qayd etilgan, lekin 17 aprel kuni soat 8:00 da bunday bemorlar soni 19 nafarni tashkil etgan. Surishtiruv ishlari bilan shug‘ullanayotgan maxsus guruh 23 nafar bemorning qanday qilib infeksiyani yuqtirganligini aniqlagan.

«Ushbu ishlar kecha-kunduz davom etmoqda, vaziyat har soatda o‘zgarmoqda. Ertaga ushbu raqamlar o‘zgarishi kerak», — deya ta’kidladi IIBB.

Toshkent shahar IIBB poytaxtda koronavirus aniqlangan bemorlar soniga ham aniqlik kiritdi. 16 aprel kuni kechki paytda bemorlar soni 385 nafarga yetgan. Oldinroq Baxrom Almatov Toshkentdagi umumiy bemorlar soni 385 nafarga yetganligini aytgan edi.