Juma kuni 15 nafar maslahatchi va tibbiy ekspertdan iborat guruh COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashishda yordamlashish uchun Xitoydan O‘zbekistonga yo‘l oldi, deya xabar berdi XXRning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Diplomatik vakolatxona Xitoy delegatsiyasini kuzatishga bag‘ishlangan tadbirdan videolavhani e’lon qildi. Unda marosim ishtirokchilari «Xitoydan O‘zbekistonga qo‘shma ishchi jamoa» yozuvli transparantni ko‘tarib olgani aks etgan.

Ayni paytda Xitoyning o‘zida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror. RIA Novosti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda hozirda 1549 ta xorijiy mamlakatlardan olib kelingan koronavirus infeksiyasi holatlari aniqlangan. 879 kishi kasallik bilan og‘riyotgan bo‘lsa, 45 nafarining ahvoli og‘ir, 670 kishi esa sog‘aygan. Chet eldan Xitoyga kelgan kishilarning birortasi ham infeksiyadan vafot etmagan.

Mart oyi oxiri va aprelning boshida o‘tgan yilning dekabrida yangi turdagi koronavirus bilan kasallanish o‘chog‘iga aylangan Xitoyning Xubey provinsiyasi hamda uning ma’muriy markazi Uxan shahrida karantin cheklovlari bekor qilindi.