Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida pensiyalar may oyidan bank kartalari orqali to‘lanadi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasining tarqalishini olish maqsadida pensiya to‘lovlari dastlabki bosqichda, ya’ni may oyidan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensionerlarga bank kartalari orqali to‘lanadi. Keyingi oylardan boshlab, ushbu chora-tadbirlar bosqichma-bosqich qolgan hududlarda davom ettirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Markaziy bank I va II guruh nogironligi bo‘lgan va harakatlanish imkoniyati cheklangan (yotoqdagi) pensiya oluvchi fuqarolarga har oyning boshida ularning bank kartalariga kelib tushgan pensiya mablag‘lari tasdiqlangan grafiklar asosida, ya’ni pensiya mablag‘larini doimiy olib kelgan sanalaridan kechiktirmasdan Xalq bankining ma’sul xodimlari tomonidan yashash manzillariga borib, naqdlashtirib berilishini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, I va II guruh nogironligi bo‘lgan va harakatlanish imkoniyati cheklangan (yotoqdagi) pensionerlar soni o‘zgarib turishini inobatga olgan holda, ushbu toifaga kiruvchi fuqarolarning ro‘yxati Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tomonidan har oyda qayta ko‘rib chiqiladi va yangilangan ro‘yxati ularning bank kartalaridagi mablag‘lari uylariga borib naqdlashtirib berilishi uchun Xalq bankiga berib boriladi, deyiladi xabarda.