«Gazeta.uz» kolumnisti Dilmurod Yusupov karantin davrida nogironligi bor bolalar va kattalar hamda ularning oila a’zolari duch kelgan muammolar va muhtojlarga beg‘araz yordamni markazlashtirishning ehtimoliy oqibatlari haqida yozadi.

Xalqaro tashkilotlarning yangilanayotgan ma’lumotlariga ko‘ra, nogironligi bor shaxslar kundalik hayotida duch keladigan bir qator to‘siqlar tufayli ularda koronavirus yuqtirib olish xavfi yuqoriroq.


Nogironligi bor shaxslar uchun qiyinchiliklar asosiy infratuzilmaning jismoniy to‘siqlari, qo‘l yuvish uchun gigiyena vositalari, masalan, rakovinalar, yuvgichlar, shuningdek, qo‘llarni yaxshilab yuvishda jismoniy qiyinchiliklar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu shaxslar doimiy ravishda texnik reabilitatsiya uskunalariga (nogironlar aravachalari, ko‘zi ojizlarning oq tayoqchalari, qo‘ltiqtayoqlar, eshitish moslamalari va boshqalarga) tegishlari kerak, bu nafaqat qo‘llarni, balki yordamchi vositalarni ham dezinfeksiyalash kerakligini anglatadi.

Tashqi dunyodan ma’lumotni faqatgina daktil imo-ishora tili orqali qabul qiladigan ham ko‘rish, ham eshitish qobiliyati cheklangan insonlar tarjimon assistentlarning qo‘llariga qo‘l tekkizmasa bo‘lmaydi. Katta va kichik yoshdagi nogiron bolalar, aqliy imkoniyati cheklangan insonlar, qarindoshlari yoki ijtimoiy ishchilarning kundalik yordamiga muhtoj bo‘lgan nogiron insonlar, masalan, ham ko‘rish, ham eshitish qobiliyati cheklangan va maxsus muassasalarida istiqomat qilayotganlar o‘zlarini o‘zi izolyatsiyalash va ijtimoiy masofalashni amalga oshira olmaydilar. Natijada ularda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqoriroq bo‘ladi.

JSSTning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, agar inson organizmdagi tana funksiyasi buzilishlari nafas olish funksiyalari, immunitet tizimi, yurak yoki diabet kasalligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ushbu toifadagi nogironligi bor shaxslarga infeksiya yuqtirilganda, koronavirusning og‘irroq holatlarini rivojlanish xavfi yuqori bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimiga yuk ortib borishi bilan nogironligi bor shaxslar zarur tibbiy xizmatlardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.

Koronavirus va unga nisbatan ko‘rilayotgan choralar haqidagi ma’lumotlar barcha uchun tushunarlimi?

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasidan himoya qilish choralari to‘g‘risida ma’lumotlarning mavjudligini ta’minlash uchun bir qator ijobiy choralar ko‘rildi. Masalan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan MY5 telekanali bilan birgalikda bolalar uchun videoroliklar tayyorlandi va imo-ishora tarjimasi bilan berildi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ham imo-ishora tili tarjimasi bilan ogohlantiruvchi videorolik tayyorladi.

2 aprel kuni UZREPORT TV va O‘zbekistondagi BMTning Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda imo-ishora tilida koronavirus bo‘yicha brifinglarni efirga uzatishni boshladi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda COVID-19 pandemiyasi paytida ko‘zi ojiz shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun brayl yozuvidagi plakatlarni chop etishdi.

Shuni ta’kidlash kerakki, aqliy imkoniyati cheklangan bolalar va kattalar hayotiy ma’lumotlarga teng ravishda ega bo‘lishlari uchun ma’lumotni oson o‘qiladigan shaklda taqdim etish maqsadga muvofiqdir. Bu boshqa toifadagi nogironligi bor insonlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin, masalan, savodi sust bo‘lgan kar va zaif eshituvchi insonlar uchun, negaki ular tashqi dunyodan matnli yozuvlarga qaraganda imo-ishorada ko‘proq sifatli ma’lumot oladilar. Masalan, Angliya sog‘liqni saqlash vazirligi (Public Health England) oson o‘qish uchun qo‘llanmani easy read formatida tayyorladi, o‘qishda qiyinchiliklarga duch keladigan odamlar uchun tushunishni osonlashtirish maqsadida oddiy matnlar va Photosymbols kabi onlayn surat bazalardagi rasmlardan foydalangan holda oson ma’lumot formatini yaratdi.

Angliya Sog‘liqni saqlash vazirligining oson o‘qiladigan shakldagi plakati

Karantinning ikkilamchi oqibatlari

Koronavirusning asosiy ta’siri bilan bir qatorda, Buyuk Britaniyaning Xalqaro Taraqqiyot Departamentining (DFID) nogironlar masalalari bo‘yicha inklyuziv ishchi guruhi koronavirus pandemiyasiga javoban tadbiq etilgan ikkilamchi choralarning nogironligi bo‘gan shaxslarga jiddiy va nomutanosib ta’siri haqida ogohlantiradi.

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Xitoydan olingan saboq shuni ko‘rsatdiki, qat’iy karantin choralari, jismoniy masofani saqlash va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish infeksiya tarqalishining oldini olishning samarali usuli hisoblanadi. Biroq, bunday keskin choralarni qo‘llab, biz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari hayotiga xavf solamiz. Shunga o‘xshash salbiy ta’sir, ayniqsa, kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlardagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning asosiy qismi norasmiy sektorda band bo‘lib ularning mehnati himoyasiz qolgani jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shahardagi avtoulov turargohlarida norasmiy ravishda ishlayotgan eshitish qobiliyati cheklangan erkaklar, jamoat joylarida tarozi bilan ishlaydigan kar va zaif eshituvchi ayollar, avtomobil yo‘llarining gavjum chorrahalarida bayroqchalar va hid tarqatuvchi osmalar sotuvchilarining taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda. Poytaxt va viloyat markazlarida avtomobillar va odamlar harakati cheklanganligi sababli ular daromadsiz qolishdi va mavjud ijtimoiy himoya dasturlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emaslar.

Ish haqi to‘lanmaydigan ta’tilda omon qolish mumkinmi?

TMEKning mehnatga layoqatsizlik yorlig‘i, nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishlar, stereotiplar va ular uchun ochiq mehnat bozorida ishlamaydigan 3 foizli kvota sababli nogironligi bor shaxslarning atigi 7 foizi rasmiy ravishda ish bilan ta’minlangan.

Ko‘zi ojizlar va karlar jamiyatidagi ixtisoslashtirilgan o‘quv ishlab chiqarish korxonalarida (O‘IK) ko‘rish va eshitish qobiliyati cheklangan ishchilar ish joylarini va asosiy daromadlarini yo‘qotmoqdalar. 16 mart kuni karantin joriy etilgandan so‘ng, ba’zilari mehnat ta’tiliga, boshqalari esa uydan masofaviy ishlashga yuborildi. Ko‘pgina O‘IKlar uy sharoitida ishlash uchun mo‘ljallanmagan va ixtisoslashgan korxonalarda jihozlardan foydalanmasdan turib nogironligi bor shaxslar «ko‘k yoqali» ishchilar masofaviy ishlay olmaydilar.

Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) deb hisoblanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan jamoat birlashmalarining O‘IK va sho‘’ba korxonalari faoliyati to‘xtatilganligi sababli, ular moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar va karantin davrida o‘zlarining doimiy ishchilariga va O‘IK xodimlariga ish haqi ajratish imkoniyatiga ega emaslar.

«20 martdan 1 aprelga qadar ish haqi saqlangan holda bizni uydan masofaviy ravishda ishlashga yuborishdi. Jamiyatimizning asosiy daromadi bizning korxonalarimiz tomonidan sotiladigan mahsulot tannarxidan 2 foiz miqdoridagi tushumlardan va Jamiyat binolarini ijaraga berishdan shakllantiriladi. Ushbu daromadlar orqali bizning ish haqimiz ham to‘lanadi. Jamiyatning moliyaviy nochorligi sababli, biz 1 apreldan boshlab ish haqi to‘lanmaydigan ta’tilga chiqishga majbur bo‘ldik, — deydi O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy Boshqaruvining tashkiliy va ijtimoiy bo‘limi yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Mamatxonov.

Ko‘zi ojizlar jamiyatida faqat bir nechta korxonalar o‘z faoliyatini olib bormoqda, ulardan matras, choyshab ishlab chiqarish va karantin zonasining maxsus formasi buyurtmalarni olganidan keyin ishlashni davom ettirmoqdalar. Toshkent O‘IK-1 karlar jamiyati ham tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarishga buyurtma berilgani tufayli jamiyat yotoqxonasida yashovchilar uy sharoitida ish bilan ta’minlandi.

Karlar jamiyatining imo-ishora tarjimonlari maoshlari cho‘zilmoqda, negaki O‘zbekiston karlar jamiyatining asosiy daromad manbai bo‘lgan karlar O‘IKida buyurtmalar yo‘qligi va ish hajmi qisqargani tufayli kechiktirilgan. Ko‘pincha imo-ishora tili tarjimonlari kar va zaif eshituvchi oilalardan kelib chiqadi, bu ularning kasb tanlashlariga ta’sir ko‘rsatadi. Ularning yelkasida nafaqat farzandlari, balki ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan kar ota-onalarini boqish vazifasi ham turadi.

Karantin e’lon qilinishidan oldin, nogironlarning ko‘plab korxonalari bozorda raqobatga bardosh bera olmay, buyurtmalarsiz ishlamay qolgan va ularning ishchilari allaqachon bu holatga odatlanib qolgan edi. Qat’iy karantin choralari e’lon qilinishi bilan ularning moliyaviy ahvoli undan ham og‘irlashdi. NNT va O‘IKida sosiy ish o‘rniga ega bo‘lgan nogironlar ish haqi kamligi yoki to‘lanmagan va kechiktirilgan maoshlari tufayli daromadlarini tejay olmaydilar va uzoq muddatli maoshsiz ta’til sharoitida ularga tirikchilik qilish juda qiyin bo‘ladi.

Ijtimoiy nafaqalar yetarlimi?

Nogironlik nafaqalari va pensiyalarning miqdori rasmiy tasdiqlangan iste’mol savatchasi va kun kechirish uchun zarur miqdor rasman belgilanmaganligi sababli ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ehtiyojlari uchun yetarli emas. Bolalikdan nogironlik nafaqasi 436,150 so‘m (tahminan 45 AQSH dollari). Shu bilan birga, Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligining 2019 yil 1 choragida o‘tkazilgan tajribaviy hisob-kitoblari shuni ko‘rsatdiki, iste’mol savatchasi 650 ming so‘m, kun kechirish uchun zarur miqdori 800 ming so‘mni tashkil etadi, bu bolalikdan nogironlik nafaqalari miqdoridan deyarli 2 baravar ko‘p demakdir.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida dori-darmonlar, parvarishlash va reabilitatsiya uchun qo‘shimcha harajatlar ro‘yxatiga niqoblar, dezinfeksiyalash vositalari va boshqa himoya vositalarining harajatlari qo‘shiladi. Jamoat va xususiy transportning falajlanishi bolalar va kattalar hamda ularning oilalarining oziq-ovqat xavfsizligiga shubha tug‘diradi. Ular asosiy oziq-ovqat va tayanch mahsulotlarini sotib olishda qiynalishlari mumkin. Uyga oziq-ovqat yetkazib berishga buyurtma berish esa boshqa qo‘shimcha harajatlarga olib kelishi mumkin.

Foto: Luiza Karshibayeva, 2020 yil mart.

Shu bilan birga, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshidagi homiylik yordamini muvofiqlashtirish markazi tomonidan taqdim etiladigan bir martalik va vaqti-vaqti bilan oziq-ovqat yordamiga tayanish qiyin. Mahalla qo‘mitalari har xil faoliyat olib borishmoqda — ba’zi nogironlar va ularning oilalari asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini olishayapti, ba’zilari esa mahalla xodimlarining moddiy va ma’naviy yordamini umuman his qilishmayapti.

1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib tushsa bo‘ladimi?

1 apreldan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ko‘ngillilar tomonidan individual xayriya yordamlari cheklandi. Koronavirus infeksiyasi xavfini minimallashtirish maqsadida bunday tadbirlarni markazlashtirilgan holda amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, barcha NNT, jamg‘armalar, ko‘ngillilar tashkilotlari, homiylar va boshqalar homiylik yordamini muvofiqlashtirish markazidan o‘tish yoki kimga yordam kerakligi to‘g‘risida ma’lumot qoldirish orqali yordam ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Buning uchun Toshkentda ular O‘zekspomarkaz binosiga borib, u yerda ro‘yxatdan o‘tishi kerak, ularga 2 kun ichida stiker berish, yordam sanitariya sharoitida dezinfeksiyadan o‘tkazilgan holda, maxsus kiyim-kechak va tashish uchun transportni tashkil qilishi kerak.

Biroq, ko‘plab muhtoj odamlar 1197 ishonch telefon raqamiga murojaat qila olmayaptilar — raqam doimo band. Bundan tashqari, kar va zaif ishituvchi muhtoj insonlar yordam so‘rab, murojaat qila olmaydilar. O‘tgan yilning 1 iyulida Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida imo-ishora tarjimonlari yordamida videoaloqa va Telegram orqali aloqa qilish qobiliyatiga ega eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun favqulodda dispetcherlik xizmatini ishga tushirdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining mavjud favqulodda vaziyatlar xizmati asosida homiylikni muvofiqlashtirish markaziga murojaat qilish imkoniyati yaratilganida yaxshi bo‘lar edi.

«Ishonch telefonidan tashqari, biz Telegram bot va veb-saytini ishga tushirishga tayyormiz. Biroq, biz hozirda Toshkent shahrida xayriya yordamini amalga oshirish va yetkazib berish qobiliyatimizdan shubhalanamiz. Agar biz hozir veb-sayt va botni ishga tushiradigan bo‘lsak, biz yordamga muhtojlarni bir zumda filtrlanishi kerak bo‘lgan kuniga tahminan 15−30 mingta qo‘ng‘iroq bo‘lishi kutmoqdamiz. Murojaatlar ko‘pligidan nogironlar va keksa odamlar minglab arizalar orasida beye’tibor qolishi xavfi mavjud», — deb tushuntirdi homiylikni muvofiqlashtirish markazi vakili.

Xayriyani markazlashtirish: yaxshimi yoki yomon?

Ushbu qadam xavfsizlikni ta’minlash maqsadida yaxshi niyatlar uchun qilingan bo‘lsa ham, amalda bunday yondashuv unchalik samara bermasligi mumkin. Birinchidan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalariga ega bo‘lishiga qaramay, joylarda muhtojlar to‘g‘risida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lmasligi mumkin.

Avvalroq, mahalla qo‘mitalarining ro‘yxatlarida ko‘pchilik hisobga olinmaganligi va muvofiqlashtirish markazining yangilangan ma’lumotlar bazasini yaratish uchun ko‘p vaqt va kuch sarflanishi kerakligi ta’kidlangan edi. Ko‘pgina nogiron bolalar va kattalar mahalla ro‘yxatida va rasmiy statistikada ko‘rinmaydi, ayrimlari ro‘yxatdan o‘tishni rad etishadi yoki byurokratik to‘siqlar va korrupsiya sababli ular TMEK organlarida nogironlik guruhini ololmaydilar.

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovning aytishicha, TMEKlar fuqarolarni qabul qilishni to‘xtatgan va vaqtincha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy va mehnat ko‘rigidan o‘tkazish muddatini karantin tugagunga qadar uzaytirgan. Shuningdek, bolali oilalarga beriladigan nafaqa to‘lovlari, bolalarni parvarishlash bo‘yicha nafaqa va uni mahallalarda olganlarga moddiy yordam 6 oyga uzaytirildi.

Shu bilan birga, yuqori darajadagi qaror qabul qiluvchilar quyi darajadagi yordamga muhtoj bo‘lganlar to‘g‘risida bilishlari mumkinmi? Bepul yordamni monopollashtirish jarayoni ma’lumot yig‘ish va qayta ishlash, qarorlar qabul qilish va nazorat qilish bo‘yicha tranzaksion xarajatlarning oshishiga olib kelishi mumkin, bu ko‘proq vaqtni talab qiladi va odamlar va oilalarning maxsus ehtiyojlariga tezkor javob berishga to‘sqinlik qiladi. Yagona aloqa markazi qo‘ng‘iroqlar oqimiga bardosh bera olmaydi va ko‘pchilik muhtoj insonlar shunchaki yordamni muvofiqlashtirish markaziga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmaydilar.

Ikkinchidan, bir xil asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga mo‘ljallangan shablonli yoki universal yondashuv zaif qatlamli bolalar va kattalarning shaxsiy ehtiyojlarini qondira olmaydi. Ularning oila a’zolari va qarindoshlari, qo‘shnilari, mahalla, shuningdek, ular bilan bevosita ishlash tajribasi va ko‘nikmalariga ega jamoat tashkilotlari ularning ehtiyojlari va talablarini yaxshiroq bilishadi.

«Bizga shoshilinch zaruriy dori-darmonlarni yetkazib berish juda muhim. Ammo shu tarzda tashxisning sirlari buziladi va boshqa huquqiy to‘siqlar paydo bo‘ladi. OITS bilan yashayotgan ko‘p odamlar jamiyatdagi stigma va kamsitish sababli ochiq gapirishga hamda OITS holatini ochishga tayyor emaslar. Qo‘ng‘iroqlar markazi xizmatlaridan foydalanganda, xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham, odamlar o‘zlarining OITSga chalinganlari haqida ochiq gapirishga majbur bo‘ladilar va ularning shaxsiy ma’lumotlarini og‘zaki ravishda oshkor qilinishini istisno qilmayman», — deya tushuntiradi «Ishonch va hayot» NNT raisi Sergey Uchayev.

Izolyatsiyada kim ko‘proq azob chekmoqda?

O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish va ijtimoiy masofalanish choralaridan, ayniqsa, aqliy imkoniyati cheklangan bolalar, ularning ota-onalari va vasiylariga ta’sir qilishi mumkin. Kun tartibining to‘satdan o‘zgarishi Daun sindromi va boshqa rivojlanish xususiyatlariga ega og‘ir autizm holati bor, autizm spektrining buzilishi (ASB) bo‘lgan bolalarda yangi sharoitga moslashishda qiyinchiliklarga olib keladi. Bunday bolalar nafaqat moliyaviy yordamga, balki tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va kasbiy terapevt, defektolog xizmatlariga, jismoniy mashqlar, basseynga qatnashishga va boshqa zaruriy mashg‘ulotlarga ham ehtiyoj sezadilar.

«1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib umuman tushib bo‘lmaydi. Agar biz qo‘ng‘iroq qilib, boshqalarning ro‘yxatini berib yubormoqchi bo‘lsak ham, autizmga chalingan bolalarning ko‘p ota-onalari yordam markazidan yordam so‘rab, murojaat qilishni rad etishmoqda, chunki ular yordam markazidan kelganlarida: „Nima?! Shaxsiy uyingiz bormi? Farzandingiz yuradimi? Nega sizga yordam kerak?“ Hali ham bizning tasavvurimizda nogiron inson — bu yotgan, qo‘llari yo‘q, oyoqlari yo‘q yoki bolalar serebral falaji (BSF) bilan og‘riganlar. Ammo biz ham yordamga muhtojmiz, biz karantinda aqldan ozmoqdamiz», — deydi Farhod Ortiqboyev, autizmi bo‘lgan o‘g‘lining otasi, Respublika bolalarning ijtimoiy moslashuvi markazidagi (RBIMM) qoshidagi «Angelochek» klubining asoschisi.

Ko‘pincha yolg‘iz onalar ehtiyojli bolalarni tarbiyalash bilan shug‘ullanadilar, bu esa ularga oziq-ovqat va bolalarni parvarish qilish mahsulotlarini sotib olishda qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi. Cheklangan transport va taksi xizmatlari bilan, ota-onalar ular bilan do‘konga borishdan qo‘rqishadi: bolalar tibbiy niqob kiyishdan bosh tortishadi, lekin ularni uyda yolg‘iz qoldirish o‘ta xavflidir.

«Bizning bolamiz avtoulovda yurishni yaxshi ko‘radi va unda sayohat paytida tinchlanadi, ammo hozir bizda cheklov bor. O‘g‘lim ayni damda juda yomon ahvolda. Farzandlarimiz uchun ijtimoiy taksi xizmatini tashkil etish va shaharda yarim soat mashinada aylantirish shunchalik qiyinmi? Bu bizning kimyo terapiyamiz, gemodializimiz … «- deydi Farhod Ortiqboyev umidsizlikka tushib.

Farhod Ortiqboyev o‘g‘li bilan. Foto manbasi.

Autizmli bolaning onasi xayr-ehsonlarni qabul qilish paytida hisobot berish uchun tashkilotchilarga o‘zlarini suratga tushirishni buyurgani haqida maqola muallifiga aytgan.

«Hokimiyatdan odamlar o‘g‘limga sovg‘a olib kelishibdi — nogiron bolalar uchun hadya deb. Uni ochdim, olmoqchi edim, keltirgan odam menga: „Biz rasmga olishimiz kerak“, — dedi. Men javoban: „Men suratga tushmayman va o‘g‘limni ham suratga oldirmayman“, — dedim. U esa: „Bo‘lmasam sovg‘a yo‘q. Men suratga olib, hisobot berishim kerak“. Men unga: „Unda mayli, ehtimol olgan narsamga imzo cheksam bo‘ladimi?“ — deb so‘radim. U esa: „Yo‘q, suratga tushirishim shart“, — deb turib oldi. Oxirida sovg‘ani qaytarib olib ketdi. Men esa hayratlanib qolaverdim», — deydi ko‘ngli qolgan autizmi bo‘lgan bolaning onasi.

Eslatib o‘tamiz, insonparvarlik yordamini taqdim etishning axloqiy qoidalari Internetda va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan hisobotlarda shaxsiy ma’lumotlarni suratga olish va ishlatishdan oldin oluvchining roziligini talab qiladi.

O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish va ijtimoiy uzoqlashish sharoitida nafaqat ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar, balki butun aholi ruhiy salomatlikni saqlashda qiynalishlari mumkin. Shu munosabat bilan, koronavirus tarqalishi paytida stressni boshdan kechirayotganlar uchun ruhiy-ijtimoiy yordamdan foydalanish, shu jumladan maxfiylik va anonimlikning barcha qoidalariga rioya qilgan holda ishonch telefoni yoki Internet orqali psixologik yordam olish imkoniyatini ta’minlash kerak.

Izolyatsiya paytida kim ko‘proq zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi?

Kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, nogironligi bo‘lgan qizlar va ayollar, shu yoshdagi nogironligi yo‘q ayollarga qaraganda sheriklari tomonidan amalga oshiriladigan zo‘ravonlikka 2−4 marta ko‘proq uchramoqdalar. Bundan tashqari, nogiron ayollar o‘zlarining oiladagi zo‘ravonlik holatlari va tibbiy xizmatlardan foydalanishdagi to‘siqlar to‘g‘risida xabar berishda qiynalishlari mumkin.

Koronavirus pandemiyasi kabi favqulodda vaziyatlarda nogiron ayollarga nisbatan jiddiy munosabat va zo‘ravonlik xavfi ortadi. Oila qo‘shimcha iqtisodiy tangliklarga duch kelgani va qattiq karantin tufayli uzoq muddatli o‘z-o‘zini izolyatsiyada qolishga majbur bo‘lganligi sababli ba’zi mamlakatlarda sheriklarning zo‘ravonligi uch baravar ko‘paygan.

Bundan tashqari, jamiyatimizda o‘rnatilgan ijtimoiy me’yorlar tufayli qizlar va ayollar bolalarni, shu jumladan nogiron bolalarni va maktab yopilishidan keyin rivojlanish muammolarini hal qilishda ko‘proq rol o‘ynashlari mumkin. Bu qo‘shimcha yuk va ayollarga nomutanosib ahvoliga salbiy ta’sir qiladi.

Eng himoyasizlar uchun ikkilamchi ta’sirni qanday yumshatish mumkin?

Nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalar uchun karantin yangilik emas, chunki ularning aksariyati uzoq vaqtdan beri munosabat to‘siqlari mavjudligi tufayli jamiyatdan ajralgan holda yashab kelishmoqda. Koronavirusga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli bizning rivojlanmagan va parchalangan ijtimoiy himoya tizimimizga yukni oshirish nogiron bolalar, kattalar va ularning oilalarining mavjud zaif holatini yomonlashtirishi, ularning iqtisodiy va ijtimoiy chetlanishini kuchaytirishi mumkin. Shu munosabat bilan ularni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashning barcha mumkin bo‘lgan variantlarini ko‘rib chiqish juda muhimdir.

Agar jiddiy alomatlar paydo bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan nogironlar masofaviy ishlay olmasa, JSST tavsiyalariga binoan, ularga infeksiyani yuqtirish xavfi kamaymaguncha ish haqi to‘lanadigan ta’til berishga imkoniyat berish kerak. Nogironlar birlashmalari va ularning korxonalarini, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa NNTlarga moliyaviy yordam choralarini ko‘rib chiqish juda muhimdir. Chunki bu ko‘mak ularning a’zolari va ishchilarining cheklangan jamg‘armalari sharoitida daromadlarni saqlashga yordam beradi. Ushbu murakkab davrda nogironlar uchun NNT va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa jamoat tashkilotlariga subsidiyalar berish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish kerak.

Shunday qilib, bir marta otish bilan ikkita quyonni o‘ldirishimiz mumkin — kerakli ish tajribasiga ega va foyda oluvchilarning aniq ehtiyojlari va talablarini yaxshi bilgan holda ixtisoslashgan NNTlar maqsadli yordamni samarali taqdim etishlari, shu bilan birga o‘z xodimlariga ish haqi to‘lashlari va ko‘ngillilarini qo‘llab-quvvatlashlari, ularni transport bilan ta’minlashlari mumkin va ularning bepul faoliyati uchun boshqa yordam berishlari mumkin.

Nogironlik guruhini o‘z vaqtida rasmiylashtirmagan nogiron bolalar va kattalar haqida unutmaslik kerak. Shuning uchun, TMEK organlari tomonidan ularning ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishlari va davlatning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashini ta’minlash uchun tekshirish tartibini sezilarli darajada soddalashtirish kerak. Rossiya Mehnat vazirligi tomonidan 2020 yil 1 oktyabrgacha bo‘lganidek, sirtdan nogironlik holatini tekshirish tajribasini amalga oshirish mumkin. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning yashash manzillariga texnik reabilitatsiya uskunalarini tarqatish tartibini ham ko‘rib chiqish kerak.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar agentligi vaqti-vaqti bilan nogiron bolalar va kattalar uchun barcha toifalar, shu jumladan oson o‘qiladigan formatda ma’lumotlarni muntazam ravishda e’lon qilib turishi kerak. Ko‘pgina nogironligi bor shaxslar, TMEKlarning ishlashi to‘xtatilganligi sababli nogironlik davri avtomatik ravishda uzaytirilishini bilishmaydi. Agentlik o‘z xizmatlaridan foydalanuvchilar bilan muloqoti yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

Bundan tashqari, Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan 10 trillion so‘mlik Inqirozga qarshi jamg‘armasi bilan birgalikda hozirgi sharoitlarda yetmaydigan nogironlik bo‘yicha ijtimoiy nafaqa miqdorini, hech bo‘lmaganda karantin davrida oshirish masalasini hal qilish zarur. Shunday qilib, norasmiy sektorda ishsiz qolgan nogironlarni qo‘llab-quvvatlash mumkin bo‘lar edi.

«Yuqoridan — pastga» tamoyili samarali ishlamaydi va bunday favqulodda vaziyatlarda hukumat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish kerak, yagona yordam markazi va «O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik» yagona jamoat fondi orqali moddiy yordam oqimlarini markazlashtirish va nazorat qilishga urinmaslik kerak.

Favqulodda ijtimoiy yordam ko‘rsatishda «pastdan — yuqori» modeliga tayanish yaxshiroqdir va yordam maxsus ko‘ngillilar, ularning tashkilotlari va tashabbuskor NNTlar tomonidan ko‘rsatilishi kerak. Buni barcha ko‘ngillilar va NNT xodimlariga xavfsizlik choralari to‘g‘risida ko‘rsatma berish va aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarini qo‘llab-quvvatlashda zaruriy himoya vositalari (niqoblar va maxsus kiyim) bilan ta’minlash orqali amalga oshirish mumkin.

Mavjud qiyin vaziyatdan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun rivojlanmagan fuqarolik jamiyati institutlarining tashkiliy salohiyatini oshirish va ularni xayriya oluvchilar emas, balki faol agentlar sifatida ko‘rib chiqish uchun foydalanish kerak. NNT vakillari bo‘lgan nogironlar, shuningdek boshqa jamoat va ko‘ngilli tashkilotlar, ko‘rsatilayotgan yordamni rejalashtirish, amalga oshirish va baholashda faol ishtirok etishlari kerak, shundagina COVID-19ga qarshi choralar inklyuziv qamrab olinadi.

Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.