Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 7 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Tuzalganlarning barchasi Namangan shahridan bo‘lib, bir nafari Turkiyadan Namanganga kelgan. Qolganlar esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 4 nafari ayollardir.

Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 25 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularning xastalikni to‘liq yengib o‘tganligini ko‘rsatdi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 15 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 22 nafarga yetdi.

O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar soni 153 nafarni tashkil etmoqda.