Byudjet tashkilotlari xodimlariga rag‘batlantirish uchun to‘lovlar hisoblanishi vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda tegishli hukumat qarori 16 aprel kuni qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga 16 apreldan 1 oktyabrga qadar moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turiladi.

Bundan tibbiyot, tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylaridan hamda mehnatga haq to‘lashning 1−3 razrayadlari qo‘llaniladigan xodimlar mustasno.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud, prokuratura, vazirlik va idoralar ikki hafta ichida soliqlar, majburiy yig‘imlar, bojlar va jarimalar hisobidan jamlanadigan byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobida joriy yil 16 aprel holatida mavjud qoldiq mablag‘lari, shu jumladan, banklardagi depozitlarining milliy va xorijiy valyutadagi qoldiqlarining 50 foizini respublika byudjetiga o‘tkazadi.

Bir oy ichida ustav kapitalida 50% va undan ortiq davlat ulushi bo‘lgan mavjud aksiyadorlik jamiyatlari — yirik korxonalar kuzatuv kengashlari tarkibi qayta ko‘rib chiqiladi va ular tarkibiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi vakillari kiritiladi.

Qarorga ko‘ra, davlat byudjetidan 5,1 trln so‘m maqbullashtirilsa, mahalliy byudjetlardan esa 980 mlrd so‘m maqbullashtiriladi.

Shuningdek, byudjet tashkilotlarida asosiy vositalarni xarid qilish va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar 1 iyulga qadar to‘xtatiladi va ushbu maqsadlar uchun II chorakda rejalashtirilgan mablag‘lar qisqartiriladi yoki 2020 yilning ikkinchi yarim yilligiga o‘tkaziladi. Natijada ushbu yo‘nalishga mo‘ljallashtirilgan 3,2 trln so‘mlik xarajatlar ikkinchi yarim yillikka o‘tkaziladi.