Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, amaldagi loyihalarni optimallashtirgan holda, mablag‘lar birinchi o‘rinda tibbiyot sohasiga yo‘naltirilmoqda. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonga yordam berishini ta’kidlagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga birlamchi va tibbiy yordam loyihalari doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablag‘i evaziga o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qiluvchi 2 ming 300 ta apparat (IVL) va boshqa uskunalar sotib olish vazifasi qo‘yildi.

Mart oyining oxirida Shavkat Mirziyoyev 300 mingta ekspress-test va 500 ta IVL apparatini sotib olish haqida ko‘rsatma bergan edi. «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasining ma’lum qilishicha, 500 ta IVL apparati Rossiyadan sotib olinishi rejalashtirilgan, qurilmalar 22 aprel kuni yetib kelishi kutilmoqda.

2300 ta IVL apparati esa Zangiota tumanida qurilayotgan shifoxonada o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Manbaning aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonda hozirda 1000ta IVL apparati rezervi mavjud.

Islom taraqqiyot banki Toshkent viloyati Zangiota tumanida qurilayotgan shifoxona va Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin hududini zamonaviy tibbiy texnikalar bilan jihozlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatadi.

Pandemiya sharoitida tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 700 million dollar jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu mablag‘lar, birinchi navbatda, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati va eksportni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi zarurligi ta’kidlangan.

Prezident tomonidan Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Jahon bankidan qo‘shimcha mablag‘lar jalb etib, tibbiy va ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.


Foto: Prezident matbuot xizmati

2020 yilda xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan yo‘naltirilgan 2,7 milliard dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari pandemiya bilan kurash uchun sog‘liqni saqlash sohasiga ajratayotgan 277 million dollar miqdoridagi mablag‘larni tez fursatlarda va samarali o‘zlashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Ma’lumotga ko‘ra, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan infratuzilma va kommunal xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha ravishda 3,6 trillion so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.