17 aprel kuni Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 11 nafar bemor butkul sog‘aydi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan bo‘lib, «Sitorai Mohi Xosa» sanatoriysida karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 8 nafari ayollardir. Ulardan 5 nafari poytaxtdan, 2 nafari Toshkent viloyatidan bo‘lsa, Buxoro, Samarqand, Namangan va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafarni tashkil etadi. Ular orasida eng yoshi kattasi 56 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 30 yoshda.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 28 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 39 nafarga yetdi.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 140 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.