AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga qiymati qariyb 400 ming dollarlik 131,3 tonnalik oziq-ovqatni yetkazib berdi, deya xabar qildi Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi «Gazeta.uz»ga.

«Vitamin va minerallar bilan boyitilib quritilgan sabzavotlar va dukkakli mahsulotlardan iborat mazkur yordam sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya ob’ektlari hamda uy xo‘jaliklarida qo‘llanadi», — deya qayd etdi elchixona.

Yordam respublikaning 35 ming nafardan ortiq ehtiyojmand fuqarolarini qamrab olib, 144 dan ortiq sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalari orqali tarqatiladi.

Ushbu ro‘yxatga COVID-19 bilan bog‘liq karantin xizmatlari hamda sil bemorlariga uzoq muddatli yordam ko‘rsatayotgan muassasalar, shuningdek, mehribonlik uylari va ruhiy kasalliklar shifoxonalari kiritiladi.

Mazkur ko‘mak «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi va Amerikaning Resource and Policy Exchange, Inc. (RPX) nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda tarqatiladi. RPXning asosiy maqsadi oziq-ovqat va dori-darmonlar shaklidagi texnik va nomoddiy yordam ko‘rsatish orqali sog‘liqni saqlash standartlari va axborot olish imkoniyatlarini yaxshilashdan iborat, deyiladi xabarda.