Toshkent hokimiyati aholining nooziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida sayyor savdo nuqtalarini tashkil etmoqda. Bu haqda hokimiyat matbuot xizmati xabar berdi.

Aholi o‘z uylariga yaqin manzildan savdo-sotiq qilishi uchun mahallalarda tashkil etilayotgan har bir savdo yarmarkasiga qo‘shimcha ravishda shaxsiy gigiyena vositalari, antiseptik vositalar, yuvish vositalari, kiyim kechaklar savdosi ham tashkil etila boshlandi.

Shuningdek, karantin davrida barcha buyum bozorlari ishlamayotganini hisobga olgan holda tadbirkorlarga maxsus tijorat avtomashinalari yordamida mavsumiy tovarlarning sayyor bozorini tashkil etishga ruxsat berildi.

Bu kabi ko‘chma bozorlarning qachon, qaysi manzillarda ishlashi haqida tuman hokimliklari xabar berib boradi.

Jumladan, ana shunday mavsumiy mahsulotlar savdosi 16 aprel kuni Toshkentning Uchtepa tumanidagi Abdulla Qodiriy, Yusuf Sakkokiy va «Ko‘ksaroy», shuningdek, Shayxontohur tumanidagi «Shayxontohur» mahallalarida tashkil etildi.