Koronavirus pandemiyasi eng global dunyoviy muammoga aylandi. Ushbu muammoga qarshi turish hamda fuqarolar manfaatlarini, birinchi navbatda, ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishni ta’minlash maqsadida, dunyo mamlakatlari tomonidan karantin rejimidan boshlab to favqulodda holatgacha bo‘lgan maxsus qoidalar o‘rnatadi.

Bunday sharoitlarda fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash, jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qoladi. Shu munosabat bilan, davlat tomonidan tezkor choralar qabul qilinishi zarur bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, karantin paytida davlat tomonidan o‘rnatilgan taqiqlarga nisbatan beparvolik va befarq munosabat qat’iy va amaliy choralar, xususan, jiddiy javobgarlik choralari ko‘rilishini talab qiladi.

Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hukumatlar karantin rejimini buzganlik uchun shak-shubhasiz va zudlik bilan jiddiy javobgarlik choralarini ko‘radi.

Pandemiya tarqalishida birinchi hisoblangan Xitoy karantin talablariga rioya qilmaslik holatlari uchun javobgarlikni yanada kuchaytirdi. Xitoyda o‘zini yakkalash rejimini buzganlik uchun katta miqdordagi jarimalar, qamoq jazolari, o‘ta og‘ir holatlarda esa xatto o‘lim jazosi ham tayinlandi.

Foto: Xitoy. Sinxua

AQSHdа 11 apreldan boshlab katta falokat rejimi joriy etildi. Qator shtatlarda mart oyining oxirlaridayoq o‘ta zaruriy holatlarsiz uyni tark etish taqiqlandi. AQSHda karantin choralari ham federal, ham mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga kiradi (shtatlar kasallik yuqtirgan odamlarning o‘z xududi bo‘ylab harakatlanishini cheklaydi, federal yurisdiksiya shtat chegaralari hamda davlat chegaralarini kesib o‘tuvchilarga taalluqlidir).

Masalan, Viskonsin shtatida agar biror bir shaxs o‘zining kasallanganligini bila turib, karantin talablariga bo‘ysunishdan bosh tortsa, u 500 dollar jarimaga tortilishi yoki 30 kungacha qamoqqa olinishi mumkin. Vayomingda izolyatsiya rejimini buzganlik uchun 10 ming dollargacha jarima va bir yilgacha qamoq jazosi, Texasda esa olti oygacha qamoq jazosi va 2 ming dollar jarimaga tortish belgilangan. AQSH federal qonunchiligida karantin buzganlik uchun 250 ming dollardan ko‘p bo‘lmagan jarimaga tortish va (yoki) ikki yil qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Bunda barcha, kim bo‘lishidan qat’i nazar, javobgarlikka tortiladi. Masalan, Olton (Illinoys shtati) merining rafiqasi Brent Uolkerni karantinni buzgani uchun politsiya tomonidan hibsga olindi va unga nisbatan tegishli choralar qo‘llanildi.

Foto: twitter.com/EvanMcMullin

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida hozirgi vaqtda aholining xavfsizligini ta’minlash hamda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida karantin shartlariga rioya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Ispaniyada do‘kon va dorixonada xaridni amalga oshirish zaruratidan tashqari, boshqa har qanday holatda ko‘chaga chiqish taqiq ostiga olingan. Barselonada esa ko‘chaga chiqishni xohlagan shaxsning yonida yo‘l qog‘ozi bo‘lishi shart (yo‘l qog‘ozi — hukumat tomonidan uydan chiqishga ruxsat berilgan hujjat). Politsiya muntazam ravishda nazorat olib boryapti. Karantin qoidalarini buzgan shaxs katta miqdorda jarima va ikki yilgacha qamoq jazosiga tortiladi. Masalan, Santa-Krus-de-Tenerife (Kanar orollari) sudida qoidabuzardan biri to‘rt oy qamoq jazosiga hukm qilindi.

Ispaniyadagi o‘xshash qat’iy choralarni Italiya ham o‘rnatdi. Italiya hukumati fuqarolar uchun ko‘chaga chiqmaslik va shahardan ketmaslikka maxsus ruxsatnomasiz ko‘rsatma bergan. Mazkur tartibni buzganlik uchun uch oyga ozodlikdan mahrum qilish yoki 200 yevrogacha jarimaga tortish ko‘zda tutilgan.

Foto: Italiya. Alberto Pizzoli/AFP

Fransiyada 17 martdan karantin rejimi e’lon qilingan. Uydan faqat zarur hollarda tegishli ma’lumotnomaga ega bo‘lgandagina chiqishga ruxsat berildi. Qoidani buzganlik uchun 130 yevro miqdorida jarima, qayta qoidani buzganlik uchun esa 15 kun ichida 1500 yevro, to‘rtinchi marta qoidani buzganda 30 kun davomida 3700 yevro yoki 6 oy qamoq jazosi belgilandi.

Bir haftadan so‘ng choralar keskinlashtirildi: sayr qilish kuniga bir soatdan oshmasligi va uydan 1 km gacha masofada bo‘lish sharti joriy etildi. Ikki kishidan ortiq yig‘ilmaslik, ba’zi hududlarda faqat yakka holda harakatlanish belgilandi. Odamlarga bir yarim metr masofagacha yaqinlashish taqiqlandi. Birinchi haftada Fransiyada karantin qoidalarini buzganlik uchun 480 kishi ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Germaniyada 25000 yevro jarimadan ikki yil qamoq jazosigacha bo‘lgan o‘ta keskin choralar joriy qilindi. Bavariyaning Landsxut shahri politsiyasi 27 yoshli nemisni uchinchi marotaba o‘rtoqlari bilan pivo ichayotganda, ijtimoiy munosabatlarning qat’iy taqiqiga qaramasdan, ishni sudga oshirdi.

Ungacha qoidabuzar bilan bunday holat nafaqat o‘zi uchun, balki boshqalar uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida bir necha marta tarbiyaviy suhbatlar olib borilgan, uch marotaba bayonnoma tuzilgan hamda karantin qoidalarini buzganlik uchun undan umumiy hisobda bir necha yuz yevro undirilgan. Biroq hech qanday natija bo‘lmagan. Qoidabuzar qamoq jazosiga hukm qilindi.

Foto: Germaniya. O.Dietze

Kiprda martning oxiridan boshlab, kechki soat 9 dan ertalabki soat 6 gacha komendantlik soati joriy qilindi. Mamlakatda qat’iy choralar o‘rnatildi: uydan kuniga faqat bir marta hukumatdan SMS-xabar olgandan keyingina chiqish mumkin. Ushbu SMS-xabarni olmasdan ko‘chaga chiqqan qoidabuzarlar 300 yevro miqdoridagi jarima to‘laydi. Mashinalarda haydovchini ham qo‘shib hisoblaganada maksimum 3 kishi harakatlanishi mumkin.

Isroilda ehtiyotsizlik oqibatida karantinni buzganlik uchun 3 yilgacha, qasdan buzganlik uchun esa 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Jumladan, 7 yilgacha qamoq bilan 14 kunga o‘zini yakkalash rejimi talabini buzganlar ham jazolanadi.

Foto: Isroil. Avshalom Sassoni/Flash90

Gretsiya aholisi ko‘chada bo‘lgan paytlarida o‘zlarining nima maqsadda ko‘chaga chiqqanliklarini asoslab berishlari kerak. Maqsadsiz sayrlar uchun 150 yevro jarima solinadi, takroran sodir etilgan qonunbuzarlik uchun hibsga olish jazosi ham qo‘llanilishi mumkin.

Serbiyada ham aholi uchun krantin choralari qabul qilingan bo‘lib, jumladan, aholi uchun komendantlik soati joriy qilingan, faqat tez tibbiy yordamga va Serbiya davlat organlari tomonidan ishlash uchun maxsus ruxsatnomalar berilgan shaxslar bundan mustasno. Karantin tartibini buzganlik uchun qat’iy choralar ko‘rildi, 1 aprelga qadar karantin tartibini buzganligi uchun 700 dan ortiq kishi ushlangan.

Nish shahridagi qariyalar uyida 140 odam infeksiyaga chalingandan keyin qariyalar uyi ish boshqaruvchisi politsiya tomonidan hibsga olgan. Bunga sabab — ish boshqaruvchi o‘zini yakkalash rejimi tartibiga zid ravishda qariyalarning qarindoshlari bilan ko‘rishishlariga va ularning tashqariga chiqishlariga ruxsat berganligidir. Serbiyada ushbu qonunbuzarlik 12 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etilishiga olib kelishi mumkin.

Foto: Serbiya. EPA-EFE/ANDREJ CUKIC

Yevropa mamlakatlari hukumatlarining harakatlari shuni ko‘rsatmoqdaki, huquqni himoya qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar, birinchi navbatda, aholi orasida vaqtinchalik joriy qilingan choralarni tushuntirish va qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bo‘ladi, lekin ularni buzganlik uchun qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlanib boriladi. Bundan qabul qilingan cheklovlarga insoniy munosabtni shakllantirish va har bir kishining huquqiy ongini yuksaltirish maqsadi ko‘zlanadi.

Osiyo mamlakatlarida ham qat’iy choralar nazarda tutilgan. Koreya Respublikasida shifoxonaga yotqizish va karantin choralarini buzganlik uchun 10 million vongacha (qariyb 8,2 ming dollar) jarima solish yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Fevral oyi oxirida Janubiy Koreya koronavirusga qarshi kurashish uchun qonunlarga tuzatishlar kiritdi. Karantinni buzganligi uchun bemorlarga 2,4 ming dollar miqdorida jarima solingan, ammo qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirgandan keyin sanksiyalar kuchaytirildi. Endi qonunbuzar fuqarolarni bir yilgacha qamoqxonaga yuborish mumkin bo‘ladi, shu bilan birga, ular 8,2 ming dollargacha jarima to‘lashga majbur bo‘lishadi.

Foto: Janubiy Koreya. Yonhap

Birlashgan Arab Амiрлiкларidа karantin rejimini, xususan, 14 kunlik karantinni buzganlik uchun aybdor shaxs besh yilga ozodlikdan mahrum qilinadi va 13 mingdan 27 ming AQSH dollari miqdorida jarimaga tortiladi.

Singapurdа yuqumli kasalliklar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun 10 ming Singapur dollari (taxminan 7 ming AQSH dollari qiymati) miqdorida jarima belgilanadi va shu bilan birga, 6 oylik qamoq jazosi ham ko‘zda tutilgan.

Hindistondа ham qat’iy choralar ko‘rilishi belgilangan. Karantinni buzganlik uchun ikki yillik qamoqqa qo‘shimcha ravishda, birinchi bo‘lib Maharashtra shtatining hokimligi va undan keyin boshqa bir qator shtatlar joriy qilganidek, o‘zini yakkalash rejimida bo‘lishi shart bo‘lgan shaxslarning chap qo‘liga o‘chirilmaydigan muhr qo‘yila boshlandi. Bunday muhrlangan shaxslar ko‘chada va boshqa joylarda paydo bo‘lsa, ular zudlik bilan qamoqqa olinadi.

Foto: Hindiston

Lotin Amerika mamlakatlarida mart oyi oxiridan boshlab komendantlik soatlari joriy etildi. Jumladan, Panama hukumati tomonidan noma’lum muddatgacha to‘liq karantin joriy etildi. Fuqarolar harakati va ommaviy tadbirlar cheklandi. Komendantlik soati kechki soat 17:00 dan tonggi 5:00 gacha qilib belgilandi. Ushbu talablarni buzish holatlari qamoqqa olinishga sabab bo‘lishi mumkin.

Argentinadа karantin rejimining buzilishi 3 yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga va 100 ming Argentina peso (1,6 ming AQSH dollari) miqdoridagi jarima solinishiga sabab bo‘ladi. «Vakolatli hukumat tomonidan epidemiyaning tarqalishi va yoyilishiga qarshi kurash choralari» ni buzganlar, olti oydan ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Foto: Argentina. mbs.news

MDH mamlakatlarida ham qat’iy taqiqlar o‘rnatilgan. Rossiya Феdeрацiясidа karantin rejimini buzganlik uchun jarima 4 ming rubl, takroriy javobgarlikka tortilish asosi bilan — 5 ming rubli miqdorini tashkil etadi. Masalan, 11 aprel kuni Moskvada ijtimoiy muloqot masofasini (kamida 1,5 metr oralig‘ida) saqlamaganlik uchun 1358 kishi jarimaga tortildi. Qoidabuzarlar guruh bo‘lib yig‘ilishgan, shuningdek, hech qanday asosli sababsiz (do‘konga, dorixonaga, poliklinikaga borish, it bilan aylanish, axlat tashlash kabi) ko‘chalarda bo‘lishgan. O‘z navbatida, hukumatning rasmiy vakillari karantinni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish maqsadida, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish masalasini muhokama qilmoqda.

Foto: Rossiya. Andrei Nikerichev / Moskva News Agency

Ukrainadа, agarda shaxs tomonidan karantin hududini tark etganlik aniqlansa yoki uning xatti-harakati kasallik tarqalishiga sabab bo‘lsa, bunday holatlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. Bunda huquqbuzar 1,7 ming griven miqdorida jarimaga tortiladi yoki yarim yilgacha qamoqqa olinadi yo kamida besh (va ko‘pi bilan sakkiz) yil ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ukraina, xuddi O‘zbekiston Respublikasi singari, qat’iy ta’qiqlarni joriy qildi va ichki ishlar xodimlarining vakolatlarini kengaytirdi, bu holat esa ayrim aholi vakillarininge’tiroziga ham sabab bo‘ldi. Biroq, bu choralar talab va zarurat natijasida tatbiq etildi. Xuddi shunday, Xarkovdagi inson huquqlari guruhi Ukraina jamiyatining xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib, karantin cheklovlarini o‘rinli va maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Foto: Ukraina. Kostyantyn Chernichkin

16 martdan boshlab Qozog‘iston hukumati favqulodda holat e’lon qildi. 19 mart kunidan Olma-Ota va Nur-Sulton shaharlari karantinga yopildi. Bundan tashqari, Nur-Sulton rasmiylari koronavirus bilan kasallanganlar yashaydigan uylarning kirish yo‘laklari, ya’ni pod’ezdlarni karantinga yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 30 martdan boshlab esa Qozog‘istonning yana 6 ta shahri: Atirau, Abay, Temirtau, Saran, Shaxtinsk i Karaganda karantinga yopildi.

Shuningdek, barcha jamoat joylari ham yopildi. Aholiga zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaslik tavsiya etildi. Oziq-ovqat yoki dori-darmon sotib olish uchun, shuningdek, tibbiy yordam zarur bo‘lsagina, tashqariga chiqishga ruxsat beriladi. Uch kishidan ortik bo‘lgan guruhlarda yig‘ilmaslik tavsiya etildi, bir oilaning a’zolari bu holatdan mustasno. 65 yoshdan oshgan kishilarga uydan chiqmaslik buyurildi.

Xususan, Qozog‘istonda huquq-tartibot idoralari xodimlariga o‘z vakolatlari doirasida transport vositalarining marshrutlarini belgilash va karantin cheklovlarining bajarilishini nazorat qilish maqsadida,fuqarolar hujjatlarini tekshirish, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish huquqi berildi. Bu harakat davlatga karantin qoidalarini buzgan shaxslarni aniqlash va fuqarolarni infeksiya xavfidan himoya qilish uchun yordam hisoblanadi.

Foto: Qozog‘iston. Andrey Xalin

Shunday qilib, karantin sharoitida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga karantin qoidabuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olish uchun vaqtinchalik ixtiyoriy vakolatlar berilganligini ko‘rish mumkin. Shu munosabat bilan, bunday tadbirlarning xolisligi va samaradorligi borasida juda ko‘p tortishuvlar yuzaga kelmoqda. Biroq, dunyo mamlakatlaridagi og‘ir epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda ko‘rilayotgan qat’iy choralar to‘la asosli bo‘lib, bu choralar mamlakat va umuman dunyo aholisining manfaati va sog‘ligini himoya kilishga qaratilgandir.

Koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi uchun ham og‘ir sinovdir. Ushbu og‘ir damlarda barchamiz — oddiy fuqarodan tortib davlat apparati vakillarigacha, yagona umumiy maqsad uchun, ya’ni insonlar hayotini saqlab qolish va davlat tomonidan belgilangan talab hamda cheklovlarga qat’iy rioya kilish uchun birlashmog‘imiz lozim.

Islambek Rustambekov — Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori, yu.f.d., prof.

Shoxjahon Xo‘jayev — Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori