Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va har bir hududda uning bo‘limlari tashkil etilmoqda.

Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar a’zodan iborat bo‘ladi, ularning 18 nafari Prezident tomonidan tayinlanadi, 18 nafari mahalliy NNTlar orasidan tanlab olinadi, 14 nafari esa hududiy jamoatchilik palatalari vakillari bo‘ladi.

Jamoatchilik palatasi Raisi maqomiga ko‘ra vazirga, uning 3 ta o‘rinbosari esa vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.

Jamoatchilik palatasining vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy ma’ruzalar tayyorlaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflar beradi;
  • Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim va dolzarb masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqadi;
  • Davlat organlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish berish talabini yuborish huquqiga ega.

Hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Ular hududlarda faoliyat olib borayotgan NNTlar, ilmiy doiralar, OAVlar va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi. A’zolarning vakolat muddati 3 yil etib belgilanadi.

Farmon bilan prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyati tugatiladi.

«Mening fikrim» veb-portali Jamoatchilik palatasi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Palata faoliyatining asosiy yo‘nalishlari:

  • davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yish, ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishini ta’minlash;
  • fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga ko‘maklashish;
  • aholi fikrini tizimli o‘rganib borish, joylarda va sohalarda dolzarb masalalarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritish;
  • fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida tadqiqotlar olib borish yuzasidan tashabbus ko‘rsatish, jamoatchilik fikrini o‘rganish, umumlashtirish va tahlil qilish;
  • fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qo‘shayotgan hissasini baholovchi ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish;
  • BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;
  • davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini kuchaytirish;
  • mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish, maslahatlashuv va eshituvlari tashkil etish;
  • fuqarolar, NNTlar va OAV vakillari, blogerlarni OAVlarda so‘z erkinligi, fuqarolarning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirish;
  • jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish, «jamoatchilik eshituvi», «jamoatchilik ekspertizasi», «jamoatchilik monitoringi» kabi ta’sirchan zamonaviy nazorat shakllarini amalda joriy etish;
  • islohotlar va davlat dasturlarining joylarda, shuningdek, sohalarda amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik monitoringini tashkillashtirish, tavsiyalar va natijalar haqida Prezident, Parlament va Hukumatga muntazam axborot kiritib borish;
  • mamlakat tashqi siyosatining ustuvor vazifalarini hayotga tatbiq etish, uning nufuzli xalqaro reytinglarda egallagan o‘rnini yaxshilashda fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda xorijdagi vatandoshlar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, NNTlarga xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yordam ko‘rsatish.