Germaniya kansleri Angela Merkel kelgusi haftadan karantin choralari qisman olib tashlanishini ma’lum qildi. U Berlinda mamlakatning barcha federal yerlari rahbarlari bilan uchrashuvda bu haqda e’lon qildi, deya xabar berdi RKB Bloomberg axborotiga tayangan holda.

Hozircha maydoni 800 kvadrat metrdan oshmaydigan do‘konlar, kitob do‘konlari va velosiped do‘konlarining ochilishiga ruxsat beriladi. 4 maydan boshlab maktablarda o‘qish qayta tiklanishi, sartaroshxonalar ham o‘z ishini boshlashi kutilmoqda.

Angela Merkel odatiy hayotga to‘liq qaytish uchun bir necha hafta yoki oylar kutilishi mumkinligini ma’lum qildi. Restoranlar, barlar, kinoteatrlar, mehmonxonalar va fitness klublari yopiq qoladi, cherkov xizmatlari taqiqlanadi. Tomoshabinlar ishtirokidagi ommaviy tadbirlar va futbol o‘yinlari qayta tiklanishi avgust oyi oxirigacha boshlanmaydi.

Germaniyaliklardan hali ham ijtimoiy masofani saqlab turish talab qilinadi. Shuningdek, do‘konlarda va jamoat transportida tibbiy niqob kiyish tavsiya etilmoqda.

Germaniya koronavirus bilan kasallanganlar eng ko‘p tasdiqlangan davlatlar beshligiga kiradi — 16 aprel kuni ertalab bu ko‘rsatkich 134,7 ming kishini tashkil qildi. Shu bilan birga, koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan asoratlardan o‘lim hollari bu yerda Yevropaning boshqa mamlakatlariga va AQSHga qaraganda pastroq — 3800 tadan ko‘proq.