Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistondagi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi kreditlar taqdim etadi. Bu haqda Spot bank axborot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Tashkilot ushbu ko‘mak koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan inqiroz davomida mahalliy korxonalarga faoliyatini davom ettirishga yordam berishini ta’kidlagan.

Savdo-sotiqni rivojlantirishga ko‘maklashish dasturi kesimida YeTTB tomonidan ajratilayotgan 150 mln dollar miqdoridagi kredit «Asakabank», «Ipoteka-bank» va «O‘zsanoatqurilishbank» banklariga beriladi.

«Ushbu mablag‘lar og‘ir bozor sharoitida eksport va import bilan shug‘ullanadigan o‘zbekistonlik kompaniyalarning savdo operatsiyalari va mahsulot yetkazish tizimlarida uzilishlarni yumshatish uchun yo‘naltiriladi», — deyiladi xabarda.

«Asakabank» va «O‘zsanoatqurilishbank»ga 60 mln dollardan ajratilsa, «Ipoteka-bank» 30 mln dollar oladi. Barcha banklar YeTTBning doimiy mijozlari hisoblanishadi. Umumiy hisobda uchta bankning respublika bo‘ylab 100dan ortiq filiallari bor va ular 10 minglab korxonalarga xizmat ko‘rsatishadi.

YeTTB ushbu banklar mahalliy korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda yaxshi imkoniyatlarga ega ekanligiga ishonadi.

Hozirgi kunga kelib, YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1,85 mlrd yevro investitsiya kiritgan.