O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 aprel kuni kimyo, agrotexnika va avtomobil sanoati korxonalarida ishlab chiqarish sur’atlarini ta’minlash hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda kimyo sanoatining bugungi holatiga tanqidiy baho berildi. Qayd etilishicha, жорий yilda 9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 280 million dollarlik eksport rejalashtirilgan. Bunga erishish uchun «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tarmoqdagi korxonalar faoliyatiga ko‘maklashib, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishi zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, yaqin bir oyda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatidagi polivinilxlorid korxonasi quvvatini 90 foizga yetkazish, azot kislotasi ishlab chiqarish loyihasini foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.

Hozirgi epidemiologik vaziyat bois tozalash va dezinfeksiya vositalariga talab oshgan. Xususan, qo‘shni davlatlardan 2 ming tonna gipoxloritga buyurtma kelib tushgan. Shuningdek, tog‘-kon metallurgiya sanoati uchun muhim bo‘lgan sianid tuzlariga ham ehtiyoj ortmoqda.

Shu bois imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi loyihalar tayyorlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Tashqi bozorlarda mahsulotlar raqobatdoshligini oshirish uchun transport xarajatlarini kamaytirish, hamkor davlatlar bilan kelishib, temir yo‘l orqali tashishda qulayliklar yaratish muhimligi ta’kidlandi.