DSQ Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Yevgeniy Maxmudov koronavirus sababli davlat xizmatchilarining ish haqini kamaytirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
«2 yil avval Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshlari 1,7 baravar oshirilgan edi. Bugun Vatan uchun ana shunday mushkul damlarda davlat soliq xizmati xodimlari mehnat samaradorligi bilan yordam berishga tayyor. Mamlakatda bunday og‘ir damlarga dosh berishda biz, davlat idoralari xizmatchilaridan ko‘ra ko‘proq yordamga muhtoj hamyurtlarimiz bor», — deyiladi xabarda.
Uning aytishicha, soliq organlari xodimlarining aksariyati 4 million so‘mdan ziyod bo‘lgan ish haqi miqdorini kamaytirish to‘g‘risidagi tavsiyalarga tushunish va hamjihatlik bilan munosabat bildirishgan.
«Davlat organlari xodimlarining ish haqini kamaytirish byudjet xarajatlarini optimallashtirishdagi adolatli va muhim qadam, deb hisoblayman. Biz chetda qolishni istamaymiz. Zero, aynan qiyin vaziyatlarda inson ichki olami va jamiyatning yetukligi, birdamligi namoyon bo‘ladi», — deya ta’kidlagan Yevgeniy Maxmudov.