Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni roronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, karantin davri O‘zbekistonda asosan joriy yilning II choragiga to‘g‘ri kelishi va shu davrda iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi Davlat byudjeti barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda. Shuning uchun kasallik tarqalishini maksimal darajada lokalizatsiya qilish va karantin muddatlari cho‘zilib ketishining imkon qadar oldini olish muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga egadir.

Quyidagilar Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va byudjet xarajatlarini maqbullashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish;
  • muhim ijtimoiy xarajatlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash;
  • jahondagi va respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy faollik ahvoli tahlili va muhimlik darajasidan kelib chiqqan holda dolzarb hisoblanmagan loyiha va xarajatlarni keyingi davrlarga ko‘chirish;
  • davlat dasturlarini bajarishga yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘larini qisqartirishda loyihalarning ustuvorligi va ijtimoiy yo‘naltirilganligini inobatga olish;
  • davlat ichki va tashqi majburiyatlarining, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha majburiyatlarning to‘liq bajarilishini ta’minlash;
  • byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlarni mustaqil kamaytirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish.

Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli darajadagi byudjet tushumlarini, shuningdek, respublika byudjetidan ajratilayotgan transfertlarni, aksiz solig‘i bo‘yicha o‘tkazmalarni, byudjet ssudalarini hamda boshqa mablag‘larni birinchi navbatda quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltirish topshirildi:

  • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga, jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotib olish, tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ularni jihozlashga;
  • ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lashga;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, kommunal to‘lovlar va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni qoplashga;
  • Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qaroriga asosan boshqa tadbirlar va xarajatlarga.
  • Qarorga ko‘ra, ikkinchi chorakda rejalashtirilgan ayrim xarajatlar ikkinchi yarim yillikka o‘tkaziladi.

Vazirlar Mahkamasiga davlat hokimiyati organlari, sud va prokuratura organlari, vazirliklar va idoralarning soliqlar, majburiy yig‘imlar, bojlar, jarimalar hisobidan jamlanadigan byudjetdan tashqari jamg‘armalari xarajatlarini (xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va qonunchilikda belgilangan moddiy rag‘batlantirish xarajatlari bundan mustasno) qisqartirish va iqtisod qilingan mablag‘larni respublika byudjetiga yo‘naltirish vakolati berildi.

Vazirlik, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari joriy yil 1 avgustiga qadar byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘xtatadi, moliyalashtirish boshlangan chora-tadbirlar bundan mustasno.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan ularning biznes-rejalarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Hukumatga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish davrida foydali qazilmalarni qazib olish sohasida faoliyat yurituvchi ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushum yoki foydani taqsimlashning alohida rejimini belgilash huquqi berildi.

1 iyunga qadar Oliy Majlis palatalari, sud va prokuratura organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, barcha vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy organlari, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va jamg‘armalar uchun yagona mehnatga haq to‘lash tizimini tatbiq etish bo‘yicha prezident qarori loyihasi kiritiladi.

Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta ichida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladigan va qurilish-montaj ishlari boshlanmagan investitsiya loyihalarini tanqidiy ko‘rib chiqib, ayrim loyihalarni kechiktirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilish topshirildi.