O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatda avtomobillarning yangi modellarini ishlab chiqish, avtokredit berayotgan tijorat banklarini rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining qayd etishicha, butun dunyoda pandemiyadan eng katta zarar ko‘rgan tarmoqlardan biri avtomobilsozlik bo‘lmoqda. Bunday sharoitda korxonalarning barqaror ishlashini ta’minlash uchun avvalo ichki bozor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarur.

Masalan, mamlakatda ehtiyot va butlovchi qismlar bozori 500 million dollarni tashkil etadi. Mahalliy mahsulotlarning undagi ulushi — atigi 9 foiz.

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakuniga qadar 300 turdagi import butlovchi qismlarni o‘zlashtirib, xorijnikidek sifatli ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.

«Samavto» va «MAN» zavodlarida maxsus texnikalar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar tarmoqda talab kuzatilayotgan yangi turlarni o‘zlashtirish yaxshi samara berishi ta’kidlandi.

Avtosanoat mahsulotlari eksportini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ishlab chiqarishdan tortib, savdo va servis xizmatigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali sifatni nazorat qilish, mahsulotga ishonchni oshirish, ochiq-oshkoralikni ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda texnikalarni o‘z vaqtida sotish uchun xaridor bilan ishlash tizimini rivojlantirish, fermer va dehqonlarga bu borada kredit imtiyozlari berish zarurligi qayd etildi. «Agrotexsanoatxolding» kompaniyasiga qishloq xo‘jaligi texnikalarini elektron buyurtma asosida sotish tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mashinalari sifati va narxi tanqid qilindi, bu jihatda ular xorijniki bilan raqobatdosh emas. Texnika qimmat bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxiga ham ta’sir qiladi.

Shu munosabat bilan hamma texnika narx-navosini tahlil qilish asosida ishlab chiqarishni optimallashtirish, metall quyish quvvatlarini tezroq ishga tushirib, lokalizatsiya darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Mahalliylashtirishdan maqsad — o‘zimizning qishloqlarga mos, dehqonlarga to‘g‘ri keladigan hamyonbop milliy traktorlar ishlab chiqarish», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Paxta terimini mexanizatsiyalashni jadallashtirish, joriy yil sentyabrgacha joylarga kamida mingta paxta terish mashinasi yetkazib berish, barcha hududlarda servis markazlari tashkil etish vazifasi belgilandi.