O‘zbekiston hukumati ishini yo‘qotgan odamlarga naqd pul ko‘rinishda yordam berish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chkorov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning bir qator rivojlangan davlatlari (AQSH, Yaponiya) va ba’zi qo‘shni davlatlar (Qozog‘iston, Rossiya) ishini yo‘qotgan odamlarga ma’lum miqdorda to‘lovlar (nafaqa) ajratiladi.

«Buni grant deb aytamizmi yoki trasfert deb aytamizmi — odamlarga pul berilyapti. Albatta, bu tushunarli holat, chunki odamlar uyida, ayniqsa xususiy sektorda ishlaydiganlar. Endi byudjet sektorida ishlaydiganlar oyligini olib turishibdi, lekin xususiy sektordagilar oylik olmayapti. Balki, kimdir to‘layapgandir, lekin asosan, bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, olmayapti» — dedi vazir.

Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston iqtisodiyotining norasmiy sektorida millionlab odamlar mehnat qilayotganini ta’kidladi.

«Shu bilan birga, ming afsuski, bizning iqtisodiyotimizda millionlab odamlar, bu hech kimga sir emas, nolegal tarzda faoliyat olib boradilar. Ya’ni, ular bozorlar atrofida ishlaydi yoki u yerda yordamchi bo‘lib ishlaydi yoki taksi haydaydi yoki sartarrosh va boshqa ko‘plab servislarda ishlashadi», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari odamlarni iqtisodiyotning norasmiy sektoridan ko‘chirishda qiyinchiliklar borligini ta’kidladi.

«Oxirgi ikki-uch yilda 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ hisobiga qishloq xo‘jalik sohasida loyihalar amalga oshirildi. Masalan, bu issiqxonalar, intensiv bog‘lar va h.k. 1 milliardan ortiq loyihaga minglab gektar issiqxonalar yaratildi, boshqa bog‘lar. Shunda yaratilgan ish o‘rni legal hisob bo‘yicha 1 mingta. Ya’ni 1 mln dollarga 1 ish o‘rni yaratilyapti. O‘zi, 1 gektar boqqa 20 nafar odam kerak, deydi issiqxonaga. Agar 3 ming gektar teplitsa bo‘lsa, 60 ming nafar odam bo‘lishi kerak», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Kuchkarovning ta’kidlashicha, karantin e’lon qilingan kundan boshlab prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatga odamlarni daromad bilan ta’minlash va ularning shoshilinch ehtiyojlarini qondirishni buyurgan.

«Shu nuqtai nazardan bir nechta variantlar haqida o‘ylab ko‘rilyapti. Bu Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, bandlik vazirligi bilan muhokama qilinyapti. Biz bu haqda o‘ylayapmiz. Bu juda ham katta mablag‘larni talab qiladigan chora-tadbir. Gap bir necha million odamlar haqida ketyapti», — deya ta’kidladi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri.

Shu bilan birga, bosh vazir o‘rinbosari bu haqda gapirishga hali erta ekanligini qo‘shimcha qilib, jurnalistlar bilan navbatdagi uchrashuvlarida ushbu masalaning aniq muhokamasiga qaytishga va’da berdi.

«Bunday masalalar faqat davlatimiz rahbari qarorlari va topshiriqlari bilan bo‘ladi. Shuning uchun hozir bu masalada gapirishimiz ozgina ertaroq. Bu haqda bizda bir aniq pozitsiya paydo bo‘lganda, biz darrov jurnalistlarga bu haqda axborot beramiz», — deya Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqini yakunladi.