Sulton Tex Group kompaniyasi ijrochi direktori Nurbek Ergashev O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevni o‘z kompaniyasini paxta-to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarib tashlaganlikda aybladi va prezidentdan yordam so‘rab murojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat tumandagi yetishtirilayotgan g‘alla hosilini oziqlantirish va g‘alla o‘rish kombaynlarini ta’mirlash uchun paxta yetishtirish uchun ajratilayotgan mablag‘ hisobidan 5,8 mlrd so‘m to‘lash bo‘yicha noto‘g‘ri talab qo‘yilmoqda.

Sulton Tex Group va prezident tashrifi

Sulton Tex Group xususiy korxonasi 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2018 yildan boshlab to‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish boshlangan. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyeyev 2018 yilning 13−14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida korxona faoliyati bilan tanishgan edi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabarida qisqa vaqtda sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz yerda zamonaviy korxona barpo etilgani keltirib o‘tilgan edi. Korxona Shveysariya va Yaponiyadan eng so‘nggi rusumdagi tozalash, yigirish va o‘rash uskunalari keltirib o‘rnatildi. Birinchi bosqichda ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 300 ga yaqin odam ish bilan ta’minlandi.

2018 yil davomida 12 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi o‘nga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard so‘mlik mahsulot ichki bozorga yetkazib berildi. Korxonada tolani tozalashdan tortib, o‘rashgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Bu yerdagi laboratoriyada tola va ip sifati nazorat qilib boriladi, deyilgandi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezidentning tashrifi chog‘ida loyihaning ikkinchi bosqichi — yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega to‘quv fabrikasi faoliyatiga start berildi.

Umumiy qiymati 53 million AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato to‘qish, uni bo‘yash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushirilishi mo‘ljallaganadi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollarni tashkil etib, ishlab chiqarish uskunalari Yevropaning ilg‘or texnologiyalaridan iborat. Fabrika ishga tushishi natijasida 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Korxonada paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil qilingan bo‘lib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Ya’ni, paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha bo‘lgan jarayon ushbu korxonaning o‘zida amalga oshiriladi. Bu orqali mahsulot tannarxini arzonlashtirish va sifatini oshirishga erishiladi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Nurbek Ergashev tashrif davomida 2019−2020 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan trikotaj mato fabrikasi, tikuv fabrikasi, paxta tozalash zavodi va yog‘ ishlab chiqarish zavodi loyihalari ma’qullanganini ma’lum qildi. Yakunda ularning barchasi to‘liq ishga tushirildi.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, korxona tomonidan paxta xom-ashyosini yetishtirishdan boshlab, uni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan o‘zaro bir-biriga bog‘liq 100 mln dollar qiymatidagi 15 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Jumladan bugungi kunga qadar 40 mln dollar miqdoridagi 7 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 2280 ta ish o‘rini yaratilgan. Joriy yil yakuniga qadar 24 mln dollarlik yana 4 ta loyiha va 2021 yilda 36 mln dollarlik 4 ta loyiha ishga tushirilib, jami ish o‘rinlari soni 3700 tani tashkil etadi.

Loyiha nomi

Quvvati

Ishga tushishi

Loyiha qiymati

Ish o‘rni

1

1-Ip yigiruv fabrikasi

7500 tonna ip kalava

Dekabr 2017 yil

17,0 mln.$

300

2

Trikotaj mato fabrikasi

3500 tonna mato

Noyabr 2018 yil

2,5 mln.$

90

3

Tikuv fabrikasi

8,3 mln. dona kiyim kechak

Iyun 2019 yil

3,3 mln.$

1400

4

Paxta tozalash zavodi

50000 tonna paxta

Noyabr 2019 yil

4,3 mln.$

250

5

Biolaboratoriya

16000 gektarga mos

Mart 2019 yil

0,1 mln.$

20

6

Yog‘ ishlab chiqarish zavodi

30000 tonna paxta chigiti

May 2020 yil

5,2 mln.$

100

7

Qishloq xo‘j. texnikalari

330 dona

Olib kelingan

8,5 mln.$

120

8

Zamonaviy urug‘chilik sexi

5000 tonna urug‘

Iyul 2020 yil

2,0 mln.$

80

9

Sifat sert. laboratoriyasi

15 turdagi mah. guruhi

Iyul 2020 yil

1,0 mln.$

35

10

Asal tayyorlash va qadoqlash

1500 tonna

May 2020 yil

0,4 mln.$

20

11

2-Ip yigiruv fabrikasi

9500 tonna ip kalava

Dekabr 2020 yil

20,0 mln.$

350

12

To‘qima mato fabrikasi

11,2 mln. p.m. mato

4 chorak 2021 yil

14,3 mln.$

300

13

Bo‘yoq fabrikasi

20,8 mln. p.m. mato

4 chorak 2021 yil

11,4 mln.$

150

14

Chorvachilik loyihasi

1000 bosh zotdor qora mol

4 chorak 2021 yil

6,0 mln.$

300

15

Sut va go‘shtni qayta ishlash

6000 tn sut, 300 tn go‘sht

4 chorak 2021 yil

4,0 mln.$

200





100,0 mln.$

3715

Nurbek Ergashev ishchilarning 80 foizi Qarshi tumanidan bo‘lib, xorijdan kelib ishlayotgan ishchilar ham borligini qo‘shimcha qildi.

2019 yilda 15,2 mln dollar, 2020 yilning 1-choragida 4,1 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan. Sulton Tex Group yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Klaster o‘rniga — kooperativ

Nurbek Ergashevning qayd etishicha, korxona tomonidan rejalashtirilgan bu yirik loyihalar to‘liq amalga oshishi uchun bizga sog‘lom raqobat, kafolatlangan investitsion muhit yaratilishi lozim. Korxonaning ishlariga ortiqcha aralashuvlarga barham berish lozim.

Yig‘ilish bayonidan parcha.

Tadbirkor hokimiyat idoralarining 2020 yil paxta hosili uchun ajratilayotgan kredit mablag‘lari hisobidan g‘allani oziqlantirish uchun 5,8 mlrd so‘m pul ajratish bo‘yicha topshirig‘i bajarilmagandan so‘ng, korxonaga tazyiq o‘tkazila boshlandi. U banklar oldida majburiyatlari borligini ta’kidladi.

«Ammo ular baribir: „Agar pulni o‘tkazsang, klasterda ishlashni davom ettirasan. Aks holda klaster faoliyati to‘xtatiladi“, — deyishdi. Yaxshi, lekin g‘alla klasterlari ham mavjudku. Biz paxtachilik sohasida ishlaymiz. G‘alla klasterlariga mexanizatsiyalashtirish va g‘allani oziqlantirish uchun ajratilgan pullar qayerga ketdi? Pullarni MTPga (mashina-traktor parki) tayyorlash kerak, deyishadi. Men ularni hech qachon to‘ldirib bo‘lmaydigan teshik qoplarga o‘xshataman. Har yili go‘yoki kombaynlarni ta’mirlash uchun milliardlab so‘m mablag‘lar o‘tkazilmoqda», — dedi Nurbek Ergashev.

10 aprel kuni Qarshi tumanidagi MTP binosida Bosh vazirning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev tadbirkorga: «endi „Klaster“ sifatida faoliyat ko‘rsatmaysan, Qarshi tumanida kooperatsiya tashkil etamiz», — deb aytadi.

«Nahotki bir necha loyihalarni amalga oshiruvchi klaster taqdirini bir daqiqada hal qilish mumkin? Nahotki barcha fabrikalarimiz temir parchalariga aylansa?» — deya savol berdi tadbirkor.

9 aprel kuni O‘ktam Barnoyev tomonidan imzolangan yig‘ilish bayonida (№03/1−2086, «Gazeta.uz»da mavjud) Sulton Tex Group klaster sifatida faoliyatini to‘xtatishi, uning o‘rniga fermerlar kooperatsiyasi tashkil etilishi ko‘rsatilgan. Nurbek Ergashev bayonda korxona ko‘rsatkichlari asossiz ravishda keltirilganini ta’kidladi.

Tadbirkor korxonaga nisbatan keltirilgan bir qator ma’lumotlarni asossiz deb topdi va ularning har biri bo‘yicha o‘z javoblarini sanab o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bayonda korxonada paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlashning to‘liq siklini qamrab olgan qayta ishlash quvvatlari mavjud emas deyilgan.

Nurbek Ergashevning qayd etishicha, Sulton Tex Group paxtani chuqur qayta ishlash bo‘yicha barcha bosqichlar mavjud. Jumladan, paxta tozalash zavodi (loyiha qiymati 4,3 mln dollar, 2019 yilda ishga tushirilgan), yog‘ ishlab chiqarish zavodi (5,2 mln dollar, 2020), ip yigiruv fabrikasi (1-bosqich, 17 mln dollar, 2018), trikotaj mato fabrikasi (2,5 mln dollar, 2018), tayyor kiyim kechak tikuvchilik fabrikasi (3,3 mln dollar, 2019), biolaboratoriya (paxta zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha, 100 ming dollar, 2019), 330 ta zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari (8,5 mln dollar).

Ikkinchi e’tiroz sifatida 2020−2021 yillar uchun aniq hisob-kitoblarga asoslangan loyihalar ishlab chiqilmagan deyilgan. Bunga javob tariqasida tadbirkor ko‘rsatilgan davr uchun 8 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan va amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlanganini ma’lum qildi.

Zamonaviy urug‘chilik sexi — qurilish ishlari yakunlangan, uskunalarga to‘lov amalga oshirilgan, loyiha qiymati 2 mln dollar, ishga tushish muddati 2020 yil iyul.

Sifat sertifikat laboratoriyasi — qurilish ishlari davom etmoqda, uskunalar bo‘yicha kelishuvga erishilgan, loyiha qiymati 1 mln dollar, ishga tushish muddati 2020 yil iyul.

Asal tayyorlash va qadoqlash — qurilish ishlari yakunlangan, uskunalar olib kelingan, loyiha qiymati 0,4 mln dollar, ishga tushish muddati 2020 yil may.

2- Ip yigiruv fabrikasi — qurilish ishlari davom etmoqda, uskunalar uchun oldindan 1,2 mln dollari to‘langan, qolgan qismiga kredit olish uchun bankka hujjatlar taqdim etilgan, loyiha qiymati 20 mln dollar, ishga tushish muddati 2020 yil dekabr.

Shuningdek, tadbirkor 24 fevral kuni Qarshi va Qashqadaryo viloyati hokimliklariga qiymati 14,3 mln dollarlik to‘qima mato fabrikasi uchun yer ajratish to‘g‘risida xat bilan murojaat qilgan. Biroq yer ajratilmagan va xatga javob qaytarilmagan.

Xuddi shu kuni 11,4 mln dollarlik bo‘yoq fabrikasi qurilishi uchun yer ajratish bo‘yicha viloyat va shahar hokimligiga xat bilan murojaat qilingan. Yer ajratilmagan va xatga javob berilmagan. Hokimiyatlar chorvachilik (6 mln dollar), sut va go‘shtni qayta ishlash (4 mln dollar) loyihalari uchun ham yer ajratish to‘g‘risidagi murojaatga javob bermagan.

Yig‘ilish bayonida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida paxta yetishtirishda hosildorlik past bo‘lib, 2019 yilda 19,4 sentnerni tashkil etgan va 2018 yilga nisbatan 10,9 sentnerga kamaygan deyilgan.

Biroq tadbirkor Qarshi tumanida 2018 yilda 15,7 ming gektar yer maydoniga paxta ekilgan bo‘lib, 30,9 ming tonna paxta yetishtirilgan yoki 19,6 sentner hosildorlikka erishilganini, 2019 yil klaster tizimi joriy etilgandan so‘ng 15 ming gektar yer maydoniga paxta ekilgan bo‘lib, 30,6 ming tonna paxta yetishtirilgan yoki 20,4 sentner hosildorlikka erishilganini ma’lum qildi.

«2019 yilda viloyat rahbarlari va maslahatchilari bizga noto‘g‘ri agrotexnikani buyurtma qilishdi, suv yo‘q bo‘lgan paxta dalalarini sug‘orishni buyurishdi. Oxir-oqibat, hamma turli tomonga tarqab ketdi — natijada biz aybdor bo‘ldik. Shuning uchun bizga qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun vaqtni tanlash huquqi berilsa yaxshi bo‘lardi», — dedi u.

Bayondagi yana bir e’tiroz — fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan moddiy resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar narxlarini oshirilgan qiymatda taqdim etib kelgan. Oqibatda, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi ta’minlanmagan.

Bunga javoban Sulton Tex Group rahbari korxona tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan fermer xo‘jaliklariga ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari narxi viloyat va tuman «Mashina traktor parklari» tomonidan belgilangan narxlardan past qilib belgilanganini ko‘rsatib o‘tdi.

Mineral o‘g‘itlar va boshqa moddiy resurslar narxi ham tuman va viloyat «Agrokimyota’minot korxonalari» tomonidan belgilangan narxlardan past qilib belgilangan.

Tadbirkor buning isboti sifatida tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan korxona nomiga bildirilgan tashakkurnomalarni taqdim etish mumkinligini ta’kidladi.

Nurbek Ergashevning fikricha, agarda klaster o‘rniga fermerlar kooperativi tashkil etilsa, Sulton Tex Group bankrotga uchrashi, korxonaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishi mumkin.

«Tashriflaringiz vaqtida viloyat, respublika, tuman va shahar rahbarlari 3−4 kun davomida raqamlarni yig‘ib, tayyorgarlik ko‘rishadi. Tashrifingizdan keyin 1 yilu 4 oy o‘tdi, ammo bu vaqt ichida biror bir rahbar mendan qanday muammolar borligini, ish o‘rinlarini yaratish uchun nima kerakligini va kommunikatsiyalar holati qanday ekanini so‘ramadi. Mayli, hech kim yordam berishga majbur emas, lekin hech bo‘lmaganda ular aralashishmasin», — dedi tadbirkor.

Ishbilarmon Qashqadaryo viloyatida birorta ham korxona klasterlarda Sulton Tex Group kabi ishlab chiqarish darajasiga erishmaganini ma’lum qildi.

Fermerlar noroziligi

Bahodir O‘tayev 2019 yilda Islombek Jasmi fermasini tashkil qilgan. U ikki oydan beri Sulton Tex Group bilan ishlamoqda va unda hech qanday shikoyat yo‘q.

«Nurbek Ergashev pul o‘tkazdi, ishchilarimga maosh to‘lab, o‘g‘itlar bilan ta’minladi. Ammo 13 aprel kuni ertalab soat 6.00 da ichki ishlar organlarining 15 ga yaqin xodimi kelib, meni kooperatsiyaga a’zo bo‘lib, zavod bilan shartnoma tuzishga majbur qila boshladilar. Ba’zilar allaqachon majbur qilishdi — muhr bosilgan imzolarni olishgan. Men va 11 nafar boshqa fermer o‘zimizda turibmiz va qarshi chiqayapmiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qarshi tuman IIB xodimlaridan biri Feruz Niyozov u bilan uch kundan keyin gaplashishini aytgan. U o‘zini tanishtirmadi, fermer tanishlari orqali uning kimligini bilib oldi.

«Norpo‘lot bobo o‘g‘li Bashir» fermer xo‘jaligi raisi Ilhom Ostonov ham kooperativga o‘tishga qarshi.

«IIB xodimlari va mahalla raisi 13 aprel kuni soat 6:30 — 7:00 da kelishdi. Bugun ertalab ham kelishdi. Men klaster bilan amaldagi shartnomam (2020 yil 31 dekabrgacha) bo‘lsa, nega kooperativ bilan shartnoma tuzishim kerakligini so‘radim. Bunga javoban ular menga muhr bosishim kerakligini aytishdi. Ular meni har kuni jinni qilishayapti», — dedi u.

«Danir Amir Vorisbek» fermer xo‘jaligi rahbari Xursand Bekpo‘latova ham mahalliy hokimiyat tomonidan tahdidlar bo‘layotgani, ularni kooperativga qo‘shilib zavod bilan shartnoma tuzishga majbur qilishayotgani haqida ma’lum qildi.

«Men siyosatga qarshi chiqishni xohlamayman. Agar bu prezident qarori bo‘lganida, biz bajonidil bajarardik. Agar qaror yo‘q bo‘lsa va biz klaster bilan ishlashni xohlasak, ular bilan ishlashni davom ettirishimiz mumkinmi? Shaxsan men klaster bilan ishlashni xohlayman, hech qanday shikoyatlarim yo‘q. 20 gektar yerga paxta urug‘ini sepdim. Klaster bizni o‘g‘it, dizel yoqilg‘isi bilan ta’minladi», — dedi u.

Sulton Tex Group korxonasi ayrim fermerlarni pul sertifikatlari va avtomobillar bilan mukofotladi.

Xursand Bekpo‘latovaning so‘zlariga ko‘ra, Sulton Tex Group bilan ishlashdan oldin uning xo‘jaligi yirik fermer xo‘jaligi bilan birlashtirilgan.

«Fermer bo‘lib ish boshlaganimda meni katta fermer xo‘jaligiga qo‘shishdi. Bir yil davomida biz daromad olmadik, janjallar bo‘ldi. Keyin bizni yana ajratishdi va klaster bilan shartnoma tuzishga majbur qilishdi. Klasterning ishini tushuna boshlaganimizdan so‘ng, ular bizni zavodga biriktirishmoqchi. Ishimizni tushunib olishga vaqtimiz bo‘lmayapti. Bizga buni tushunishimiz uchun imkon berishmayapti — bitta korxonadan boshqasiga o‘tkazib yuborishayapti», — dedi «Danir Amir Vorisbek» rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u zavod bilan yangi shartnoma imzolash uchun mahallaga chaqirtirilgan, ammo u karantin tufayli bormagan.

Davletov.uz Telegram-kanalida bir necha fermerning Sulton Tex Group klasteri bilan mojarosi to‘g‘risidagi videoyozuv e’lon qilindi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, klaster rahbari urug‘ navini tanlash, dorilash va boshqa masalalarda fermerlar bilan maslahatlashmagan.

«Klaster sifatida biz qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni amalga oshirishni xohlaymiz. Agarda bizda unumdorlik 1 ga uchun 19−20 sentnerni tashkil etsa, AQSH, Hindiston va Turkiyada 70 sentnergacha. Bizda 20−30−40 sentnerga xursand bo‘lish an’anaga aylangan, garchi bu past ko‘rsatkich bo‘lsa ham. Biz yangilik joriy etish uchun tajriba o‘tkazdik. Ba’zilarga bu yoqadi, boshqalariga esa yoqmaydi», — dedi tashqi iqtisodiy aloqalar va eksport-import operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i Giyos Ro‘ziyev,.

U Sulton Tex Group 550 fermer xo‘jaligi bilan ishlayotgani va ular oldida qarzi yo‘qligini ma’lum qildi.

Kompaniyaning xizmat avtomashinasi Qarshidan Qarshi tumaniga ketayotganda to‘xtatilib, jarima madonchasiga olib ketilgan.

Gyos Ro‘ziyev «Gazeta.uz»ga taqdim etgan videoyozuv va fotosuratlarda YHXB inspektorlari korxonaning xizmat avtomobilini, ruxsatnomasi bo‘lishiga qaramasdan, olib ketayotgani aks etgan.

Qashqadaryo viloyatida postlardan o‘tishga ruxsatnoma.

«Gazeta.uz» Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafayeva va uning suv va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Oripov bilan (shu jumladan shaxsiy telefon raqamlari yordamida) bog‘lana olmadi.

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva Daryo.uz nashriga izoh berar ekan, klaster rahbaridan g‘alla uchun pul so‘raganini inkor qildi.

«Klaster rahbari Nurbek Ergashev o‘zboshimcha, selektor yig‘ilishlariga chaqirsak-da, qatnashmaydi. Vakilini yuboradi. Vakili esa biz aytgan ishni bajarolmaydi. Telefon qilsak, javob bermaydi. Shu paytgacha tuman uchun na bog‘cha qurib bergan, na maktab. Hatto karantin paytida yordamga muhtoj odamlarga xayriya qilishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi», — deydi Qarshi tumani hokimi.

G‘iyos Ro‘ziyev ushbu bayonotga izoh berar ekan, xayriya ishlari majburlab amalga oshirilmasligi kerakligini ta’kidladi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati hozirda ushbu masala «respublika» tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi. O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha rasman ma’lum qilinadi.