Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi muhokamadan olindi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Soliq qo‘mitasi va Markaziy bankning qo‘shma qarori loyihasi e’lon qilingan edi. Undagi «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qo‘shma qarori loyihasi keng jamoatchilik tomonidan tanqid ostiga olingan.

Oliy Majlis Senati nizomdagi me’yorlar Soliq kodeksida belgilangan me’yorlarga muvofiq qayta ishlab chiqilishi lozimligini ta’kidlagan edi.

Nizom loyihasisha ko‘ra, jismoniy shaxslarning plastik kartalaridagi pul aylanmasi oylik 30 mln so‘mdan oshsa yoki 10 marotabadan ko‘proq P2P pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu hisobvaraqalar haqidagi ma’lumot tijorat banklari tomonidan DSQga uzatilishi belgilanishi kutilayotgan edi.

14 aprel kuni Davlat soliq qo‘mitasining rais o‘rinbosari imzosi bilan Senatga xat yo‘llangan. Ma’lum bo‘lishicha, maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar ijro muddati ikki oyga uzaytirilgan. Shuningdek, takliflar hamda e’tirozlarni inobatga olinib, Nizom loyihasi muhokamadan chiqarilgan.

«Albatta, Oliy Majlis Senati Davlat soliq qo‘mitasining tanqid, taklif va e’tirozlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lganligini ijobiy baholaydi. Shuningdek, mazkur hujjat loyihasi va shu kabi tadbirkorlarning huquq hamda manfaatlariga daxldor barcha me’yoriy hujjatlar doimiy nazorat ostida bo‘lishini bildiradi», — deyiladi Senat xabarida.