Bosh prokuratura Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Sodiqjon Berdialiyev 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirus yuqtirishi mumkin bo‘lgan xavfli guruhlarni ma’lum qildi.

Boshqarma boshlig‘i har bir fuqaro barcha joyda o‘zini juda ehtiyot qilishi lozimligini aytib o‘tdi. «Bir narsani aniq bilishimiz kerakki, hozirgi kunda hech kimga, jumladan menga ham va sizga ham kasallik yuqmay qolishiga kafolat yo‘q. Buning birdan bir yo‘li vrachlar tavsiyasiga amal qilish, uyda qolish va muloqatlarni keskin cheklashdir», — dedi u.

Unga ko‘ra, koronavirus yuqtirishi mumkin bo‘lgan xavfli guruhlar quyidagicha:

  1. Bozorlarda va savdo do‘konlarida savdo qilayotgan sotuvchilar;
  2. Uy sharoitida va boshqa joylarda karantinda saqlanib turgan fuqarolar;
  3. Xizmat zaruriyati tufayli ko‘plab fuqarolar bilan muloqotda bo‘lib ishlayotgan shaxslardir.

«Hozirgi vaziyatda hech kimga kechirimlilik qilinmaydi. Balki, kim bo‘lishidan qati nazar, huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir qilsa, unga albatta qonun va o‘rnatilgan tartibning eng og‘ir jazosi qo‘llaniladi», — deya ta’kidladi Sodiqjon Berdialiyev.