15 aprel holatiga O‘zbekistonda karantin qoidalariga amal qilmaslik bo‘yicha 63 ming 882 ta huquqbuzarlik aniqlandi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Sodiqjon Berdialiyev chorshanba kuni o‘tkazilgan brifingda.

Karantin qoidalarini buzgan huquqbuzarlarning 58901 nafari erkak, 4981 nafari ayollardir.

Huquqbuzarlarning 60628 nafari tibbiy niqob taqmasdan yurish, 401 nafari karantin hududini tashlab ketish, 220 nafari vaqtinchalik to‘xtatilgan savdo faoliyatini davom ettirish, 29 nafari marosim yoki yig‘inlar o‘tkazish, 10 nafari ijtimoiy tarmoqlarda vahima chiqaruvchi yoki asossiz ma’lumotlar tarqatish va 2594 nafari boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishgan.

Karantin e’lon qilingan kundan boshlab 20 nafar fuqaro belgilangan tartibni qo‘pol ravishda buzganligi uchun jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ularning aksariyati qamoqqa olindi.

Masalan, joriy yilning 1 aprel kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan Usmonov Lacetti rusumli avtomashinada karantin sharoitida avtoulovni boshqarish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnomasiz, ya’ni stikersiz «Samarqand-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotganida, YPX inspektori tomonidan to‘xatilib, avtomashina hujjatlarini taqdim etilishi so‘ralgan.

Ammo, Usmanov inspektorning qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortib, unga faol qarshilik ko‘rsatgan va avtomashinani haydab qochishga harakat qilgan. Shu kunning o‘zida G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston JKning 219-moddasi va 2571-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Usmonov qamoqqa olindi.