Tadbirkorlarga shaxsiy avtomashinalarini boshqarish uchun yengilliklar berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 15 aprel kuni onlayn brifing davomida ma’lum qildi.

«Kechadan boshlab O‘zbekiston hududida yuk avtomobillariga bo‘lgan cheklovlar to‘liq olib tashlandi. Endi 1−2 kunda tadbirkorlarimiz ko‘plab murojaatlar bilan chiqishyaptiki, ularning mashinasi shaxsiy. Shaxsiy mashinalarga esa ruxsat yo‘q, faqat tashkilot avtomobillariga stiker berilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, hozir bu bo‘yicha ham 1−2 kun ichida Bosh vazirimiz rahbarliklaridagi komissiyaning qarori chiqadi, buni ham yengillashtiramiz», dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, iqtisodiy yo‘nalish bo‘yicha hukumatning asosiy vazifasi karantindan keyin iqtisodiyotni tiklashdir. Shu munosabat bilan mamlakatda oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat barqarorligini ta’minlash uchun qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Respublika maxsus komissiyasining qurilish sohasi uchun karantin choralarini kuchsizlantirish qarori sohani ochiq moliyalashtirishga turtki bo‘lishi aytib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur onlayn tadbir davomida Jamshid Qo‘chqorov «karantin may oyida ham davom etish ehtimoli yuqori», deya ta’kidlab o‘tgan.