O‘zbekistonda valyutalarni sotish va sotib olishga cheklovlar joriy etilmaydi, deya xabar qildi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda. Brifing asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha MB boshqaruvining navbatdan tashqari yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlandi.

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mart oyida pul o‘tkazmalarining 23 foizga (fevralga nisbatan) pasayishi hisobiga aholi va tadbirkorlarning devalvatsion taxminlari yuqori darajada qolmoqda. Aprel oyining birinchi 10 kunida, mart oyining shu davriga nisbatan, pul o‘tkazmalari hajmi uch martaga kamaydi.

Aholi bilan pul o‘tkazmalari va valyuta operatsiyalari dinamikasi. Manba: Markaziy bank.

«Natijada valyuta birjasida taklif sezilarli ravishda pasaydi. Shu bilan birga, ayirboshlash shoxobchalarida aholi tomonidan valyuta sotib olish hajmi sezilarli darajada saqlanib qoldi. Xususan, agar mart oyida aholi kuniga o‘rtacha 13,3 million dollarga valyuta sotib olgan bo‘lsa, aprel oyining ikkinchi o‘n kunligidan boshlab bu miqdor keskin o‘sdi. Xususan, 10 aprelda — 19,5 million dollar, 13 aprelda — 22 million dollar», — dedi u.

Shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan ham xorijiy valyutani sotib olish hajmi ko‘paydi. Agar mart oyida ular birjadan kuniga o‘rtacha 37,5 million dollarga valyuta sotib olishgan bo‘lsa, 10 apreldan boshlab o‘rtacha kunlik talab 30 foizga oshdi: 10 aprelda — 43,8 million dollar, 13 aprelda — 32 million dollar, 14 aprelda — 50,3 million dollar.

10, 13 va 14 aprelda yuridik shaxslarning valyuta birjasidagi talab va takliflari dinamikasi. Manba: Markaziy bank.

Mart oyida birjadagi o‘rtacha kunlik ta’minot 21,5 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 10 apreldan 40 foizga pasaydi. 10 aprel kuni birjada valyuta savdosi 7,4 mln dollar, 13 aprelda — 12,2 mln dollar va 14 aprelda — 0,6 mln dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda valyuta ayirboshlash uchun talab 62 million dollar va 16 million yevroga teng.

So‘mning real samarali almashuv kursi dinamikasi. Manba: Markaziy bank.

«Valyuta kursining 10121 so‘mgacha o‘sishi xorijiy valyutani sotib olish uchun berilgan arizalarning 80 foizi qaytarib olinishiga sabab bo‘ldi. Ilgari bunaqasi kuzatilmagan. Ya’ni, oz miqdordagi valyuta sotilgan, xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning katta qismi esa, betaraflik tamoyilini ma’lum darajada buzilgan holda, Markaziy bank tomonidan chet el valyutasini qo‘shimcha sotish orqali qoplangan», — deya tushuntirdi u.

Regulyator valyuta intervensiyasini ayirboshlash kursining tamal trendlariga ta’sir ko‘rsatmagan holda oltin-valyuta zaxiralari betarafligi tamoyili asosida amalga oshirishga qaror qildi.

Mamarizo Nurmurodovning fikricha, hozirgi 10121 so‘mlik ayirboshlash kursi «o‘zining tabiiy nuqtaga yaqinlashgani»dan dalolat beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, valyutani sotib olish va sotishda hech qanday cheklovlar joriy etilmaydi — kurs bozor omillari asosida shakllanadi.

O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari milliy valyutalarining devalvatsiyasi. Manba: Markaziy bank.

Mart oyida so‘mning haqiqiy samarali ayirboshlash kursi (inflyatsiyani hisobga olgan holda O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari valyutalariga nisbatan) 7,3 foizni tashkil etdi va aprel oyidan boshlab -1,8 foizgacha tushdi. Markaziy bank rahbari real samarali kursdagi muayyan farq «yopiq» bo‘lganini ta’kidladi.