O‘zbekiston Vengriyaga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun 500 mingta tibbiy niqob jo‘natdi. Bu haqda Vengriya hukumati rasmiy saytida xabar qilindi.

Mazkur yordam Ozarbayjon poytaxti Bokudan uchgan yuk samolyoti orqali yuborilgan, deyiladi xabarda. Avvalroq, mart oyi oxirida ham O‘zbekiston Vengriyaga 150 mingta himoya niqobini yuborgan edi.

Vengriya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Piter Siyyarto O‘zbekiston investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan videokonferensiya chog‘ida: «Bunday og‘ir damlarda ham biz ishonadigan do‘stona xalqlar borligi juda yaxshi», — dedi.

Shuningdek, Siyyarto Vengriya o‘zbekistonlik talabalarning mamlakat oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun stipendiya joylari sonini 30 dan 100 gacha oshirganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, ilgari O‘zbekiston Xitoy, Eron, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Belorussiyaga insonparvarlik yordamlarini yuborgan edi. Ozarbayjonga ham insonparvarlik yordami jo‘natilishi tayyorlanmoqda.