O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 2020 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra 4,1−4,4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov chorshanba kungi brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi oqibatida boshlanayotgan inqiroz 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozi va 1997 yilgi Osiyo inqirozidan tubdan farq qiladi.

«Bu faqatgina talab inqirozi emas, balki taklif inqirozi desak ham bo‘ladi. Bu inqiroz qaysidir yirik banklarning yoki qaysidir yirik mamlakatlar hukumatining aybi bilan vujudga kelgani yo‘q. Bu xuddi tabiiy ofatga o‘xshagan jarayon bo‘lyapti», — deya ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari.

Inqiroz mamlakat iqtisodiyotiga bevosita va bilvosita ta’sir o‘tkazishi aytildi.

«Chunki O‘zbekiston milliy iqtisodiyoti oxirgi uch yilda bozor iqtisodiyotiga integratsiyasini kuchaytirdi. Bu albatta bozor iqtisodiyoti uchun tabiiy holatdir», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston iqtisodiyoti inqirozning salbiy oqibatlarini mart oyidan boshlab his qilganligini, bu esa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir o‘tkazganini ma’lum qildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 2020 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra 4,1−4,4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 1 foizga kamroq (2019 yil yanvar-mart oylarida 5,3 foizga teng bo‘lgan, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari (PDF)).

Sanoat 4 foizga o‘sgan (o‘tgan yilning birinchi choragida 1,8 foiz). Eksport 11 foizga qisqargan (2019 yil birinchi choragida o‘sish darjasi 20,6 foizga teng bo‘lgan), import 10 foizga kamaygan (2019 yil birinchi choragida o‘sish darjasi 32,9 foizga teng bo‘lgan).

«Ikkinchi chorak biz uchun o‘ta murakkab bo‘lishi kutilmoqda. Chunki, ko‘plab mamlakatlar kabi O‘zbekistonda ham karantin bilan bog‘liq cheklovlar asosan aprel oyiga to‘g‘ri kelayapti va may oyida ham davom etish ehtimoli anchagina katta», — deya ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Ko‘chqorov mamlakat yalpi ichki mahsulotining 32−33 foizi xizmat servisi bilan bog‘liqligini, karantin davrida esa servis sohasi cheklanishini eslatib o‘tdi.