O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i asosida Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Bosh prokuratura, DXX, MG, IIV va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlaridan iborat tezkor-tergov va tahliliy guruhlar tuzildi. Bu haqda 15 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Sodiqjon Berdialiyev ma’lum qildi.

Shuningdek, bosh prokuror farmoyishi bilan Bosh prokuratura hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda shtablar hamda ishchi guruhlar shakllantirilib, tunu kun ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Tezkor — tergov va tahliliy guruhlarga 2 ta asosiy vazifa yuklatildi:

  1. Kasallikka chalingan bemorlar bilan surishtiruv olib borib, ular aloqada bo‘lgan shaxslar doirasini tezkorlik bilan aniqlash va virusologik tekshiruvidan o‘tkazish;
  2. Kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan fuqarolarni hamda ular yashayotgan va ishlayotgan joylarni zudlik bilan karantinga olinishini hamda dizinfeksiya qilinishini ta’minlash.

Ishchi guruh a’zolarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida bemorlar bilan telefon va internet tarmoqlari orqali masofadan turib surishtiruv olib borish tizimi yaratildi.

Tergovchilar, shuningdek, bemorlar davolanayotgan shifoxonalar planshetlar bilan ta’minlandi.

O‘tkazilgan surishtiruvlar yakunlari bo‘yicha shu kunga qadar bemorlar muloqotda bo‘lgan 9538 nafar shaxslar haqida ma’lumotlar to‘plandi.

Muloqotda bo‘lgan shaxslarning 2204 nafari bemorning yaqin qarindoshlari, 3877 nafari birga ishlovchi va doimiy muloqotda bo‘lgan shaxslar, 3453 nafari esa bir marotaba muloqotga kirishgan shaxslardir.