Xalqaro valyuta jamg‘armasi koronavirus pandemiyasi sharoitida jahon iqtisodiyotining rivojlanishi prognozini e’lon qildi.

Tahlilchilar global YAIMning 2020 yilda 3 foizga pasayishini taxmin qilishmoqda, bu ko‘rsatgich 2008−2009 yillarda bo‘lgan moliyaviy inqirozga nisbatan ancha yomon.

«Hozirgi inqiroz avvalgilariga o‘xshamaydi. Urush yoki siyosiy inqiroz kabi, pandemiya qachon tugashi noma’lum», — dedi XVJ bosh iqtisodchisi Gita Gopinat hisobotning kirish qismida.

Uning ta’kidlashicha, bu safar umumiy talabni rag‘batlantirish unchalik ahamiyatga ega emas, chunki inqiroz asosan hokimiyatlar tomonidan turli sohalardagi faoliyatni cheklash to‘g‘risidagi majburiy qarorlar tufayli yuzaga keldi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, joriy yilda rivojlangan davlatlarning iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 6,1foiz pasayadi. Misol uchun, AQSH iqtisodiyoti 5,9 foizga, Yevroittifoq hududi — 7,5 foizga, Yaponiya — 5,2 foizga pasayadi va Xitoyda o‘sish darajasi 1,2 foizgacha tushadi.

Umuman olganda, 2020 va 2021 yillardagi jahon yalpi ichki mahsulotining pandemiya tufayli inqirozdan kelib chiqadigan umumiy yo‘qotishi taxminan 9 trillion dollarni tashkil qilishi mumkin.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining pandemiya 2020 yilning ikkinchi yarmida yakunlanishini taxmin qiluvchi tayanch ssenariyga ko‘ra, 2021 yilda iqtisodiy faollik barqarorlanishi va siyosiy qo‘llab-quvvatlash bilan global iqtisodiyot 5,8 foizga o‘sishi ko‘zda tutilgan.

Agar pandemiya 2020 yil oxirigacha cho‘zilib ketsa, u holda global iqtisodiyot o‘sish sur’ati bu yil 6 foizga pasayadi. Agar koronavirusining tarqalishi 2021 yilga qadar davom etsa, unda global YAIM 8 foizga kamayadi.

XVJ O‘zbekiston YAIM o‘sishi 2019 yilda prognoz qilingan 5,6 foizdan 2020 yilda 1,8 foizga tushishini taxmin qilmoqda. Bundan tashqari, 2021 yilda iqtisodiy o‘sish tiklanib, 7 foizni tashkil qilishi mumkin.

Shuningdek, hisobotga ko‘ra, Qozog‘iston YAIM 2,5 foizga (2019 yilda prognoz 4,5 foiz edi), Qirg‘izistonda esa 4 foizga (2019 yilda prognoz 4,5 foiz edi) pasayishi kutilmoqda. Tojikiston iqtisodiyoti 1 foizga (2019 yilda prognoz 7,5 foiz edi), Turkmaniston 1,8 foizga o‘sadi (2019 yilda prognoz 6,3 foiz edi).

Eslatib o‘tamiz, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston YAIM — 4,7 foizga tushishini prognoz qilgandi. Jahon banki esa O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish darajasi keskin pasayib, 1,6 foizni tashkil etishini aytib o‘tgan.