Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 8 nafari butkul sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ular Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘aygan bemorlarning 4 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ulardan 6 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan. Bemorlardan ikki nafari Turkiyadan, yana bir nafari esa Rossiyadan Toshkentga charter reysi bilan kelishgan. Qolgan besh nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan.

Ular orasida eng yoshi kattasi 51 yoshda, eng kichigi esa 10 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Ayni paytga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 107 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.