O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan 19 mart kuni Moliya vazirligi huzurida 10 trln so‘m byudjetga ega Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Moliya vazirligi ushbu jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari haqida hisobot berdi.

Jamg‘arma hisobiga jami 1,596 trln so‘m (157,7 mln dollar) kelib tushgan. 998,3 mlrd so‘m (98,6 mln dollar) xalqaro moliyaviy tashkilotlar va hamkor davlatlar hukumatlari tomonidan o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekiston davlat byudjeti hisobidan 598,5 mlrd so‘m (59,1 mln dollar) jamg‘arma hisobiga kelib tushgan.

Jamg‘arma hisobidan 756 mlrd so‘m (74,7 mln dollar) sarflangan.

Shifoxonalarni qurish va jihozlash

Eng ko‘p mablag‘ shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun sarflangan — jami 411 mlrd so‘m. Ushbu mablag‘ning 286 mlrd so‘mi 10 ming o‘rinli maxsus shifoxonalar qurish uchun, 111 mlrd so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun, 10 mlrd so‘m diagnostika laboratoriyasi majmuasining rekonstruksiyasiga, 4 mlrd so‘m tibbiy jihoz va inventarlar, dori-darmon, dezinfeksiya ishlari va tibbiy buyumlar uchun sarflangan.


Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligigiga 226 mlrd so‘m o‘tkazilgan. Ushbu summadan 123 mlrd so‘m test tizimlari, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun sarflangan. Hududiy markazlarga 93 mlrd so‘m yo‘naltirilgan: 72 mlrd so‘m fuqarolarni karantinda saqlayotgan muassasalar xodimlarining ish haqi, oziq-ovqat, gigiyena tovarlari va boshqa harajatlarga; 14 mlrd so‘m jamoat joylarini dezinfeksiya qilish ishlariga, 7 mlrd so‘m epidemiologik holat bilan kurashish bo‘yicha tadbirlarga sarflangan.

Bundan tashqari karantin tadbirlari va koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlariga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun to‘lovlarga 10 mlrd so‘m sarflangan.


Ijtimoiy soha

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ijtimoiy sohaga jami 117 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Bunda, 30 mlrd so‘m kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llabquvvatlash uchun Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga; 50 mlrd so‘m band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasiga; 26 mlrd so‘m ijtimoiy nafaqalarga, 11 mlrd so‘m «Toshkent metrooliteni» va «Toshshahartransxizmat» xodimlariga ish haqi to‘lash uchun ajratilgan.